Markaziy bankdan “Uzbekistan Airports”gacha. Poraxo‘rlikka “ko‘ngli bo‘sh” tashkilotlar ro‘yxati ochiqlandi
Jamiyat
−
14 mart 2023
14290Energetika vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Markaziy bank hamda “Uzbekistan Airports” kabi yirik davlat organlari va tashkilotlari O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi qoniqarsiz kurashayotgan organlar, deb topildi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan e’lon qilingan reytingda so‘z borgan.
Mazkur reyting korrupsiyaga qarshi ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligi borasidagi tahlillarga asoslanib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 12 yanvardagi PQ-81-son qaroriga ko‘ra, 29 ta maxsus indikatorlar asosida “E-Anticor.uz” elektron platformasidan baholash orqali amalga oshirilgan.
Shuningdek, reyting baholash natijalarining xolisligini ta’minlash maqsadida fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat bo‘lgan Reyting baholashni mustaqil amalga oshiruvchi ekspertlar guruhi shakllantirilgan.\
Baholash natijalariga ko‘ra, 62 ta davlat tashkilotining korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligi 0 balldan 100 ballgacha reytingda baholanib, 20 ta tashkilot “qoniqarsiz” – (55 balldan past), 30 ta tashkilot “qoniqarli” – (55-80 ball) va atigi 12 ta tashkilot faoliyatining samaradorligi “yaxshi” – (81-100 ball) ekani aniqlangan.
Korrupsiyaga qarshi qoniqarsiz kurashayotganlar sifatida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Qishloq qurilish bank” ATB, Xorazm, Navoiy, Andijon, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyat hokimliklari va Toshkent viloyati Bo‘ka tumani hokimiyati, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi, “Toshshahartransxizmat” AJ, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, Markaziy bank, “Aloqabank” ATB, Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani hokimiyati, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, “Mikrokreditbank” ATB, Energetika vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, “Uzbekistan Airports” kabi yirik davlat organlari va tashkilotlari qayd etilgan.
O‘tkazilgan tahlil natijalari davlat tashkilotlari faoliyatidagi korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida bir qator kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatgan.
Rahbarning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha shaxsiy tashabbusi yetarli emasligi, javobgarlik mexanizmining belgilanmaganligi hamda samarali korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini joriy etish bo‘yicha e’tibor qaratilmaganligi esa tashkilotlar faoliyati qoniqarsiz baholanishiga sabab bo‘lgan.
Jumladan, Surxondaryo viloyati hokimligi (11 ball), Suv xo‘jaligi vazirligi (13 ball), Andijon viloyat hokimligi (18 ball) va Energetika vazirligida (21 ball) korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi samarali joriy etilmagan.
Baholash natijalariga ko‘ra, “qoniqarli” deb topilgan davlat tashkilotlari faoliyatida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha belgilangan choralar amalga oshirilgan bo‘lsa-da, ayrim masalalarga e’tiborsizlik bilan qarash, shu jumladan, belgilangan tadbirlar ijrosini nazorat qilish sohasida kamchiliklar mavjudligi kuzatilgani aytilgan.
Shu bilan birga, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ushbu idoralarda korrupsiyaga qarshi belgilangan talablarning doimiy ravishda bajarilishini nazorat qilish bo‘yicha samarali tizim yaratilmaganini qo‘shimcha qilgan.
“12 ta davlat tashkilotining korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyati samaradorligi “yaxshi” deb baholandi. Mazkur tashkilotlar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha belgilangan choralar tizimli ravishda amalga oshirilgan.
Xususan, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash va ularni minimallashtirish bo‘yicha aniq va manzilli choralar ko‘rilgan hamda korrupsiyaga qarshi kurashishda tashkilot rahbarlari shaxsiy namuna sifatida o‘rnak bo‘lgan.
Masalan, Bojxona qo‘mitasida (87 ball) “Korrupsiyaviy xavflarni boshqarish” avtomatlashtirilgan axborot tizimi joriy etilgan bo‘lib, barcha xodimlarning faoliyatini sun’iy intelekt yordamida baholash hamda xavfi yuqori bo‘lgan xodimning shaxsi haqida “axborot portreti”ni onlayn shakllantirish tizimi yo‘lga qo‘yilgan”, deyilgan agentlik tahlilida.
Shuningdek, agentlik Soliq qo‘mitasining barcha tarkibiy hududlarida ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, yaxshi natija qayd etgan tijorat banklarida esa korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va kamaytirishning samarali mexanizmi joriy etilgan hamda xodimlar o‘rtasida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha targ‘ibot tadbirlari tizimli yo‘lga qo‘yilganini alohida urg‘ulab o‘tgan.
“Reyting baholash tizimi korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida belgilangan vazifalarni samarali monitoring qilish bilan birga, sohada sog‘lom raqobat muhitini kuchaytirish hamda tashkilot rahbarlarining mas’uliyatini yanada oshirish imkonini berdi.
Baholash yakunlari bo‘yicha “yaxshi” deb baholangan davlat tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ijobiy tajribasi ommalashtiriladi.
“Qoniqarli” deb baholangan davlat tashkilotlariga ularning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar kiritiladi.
“Qoniqarsiz” deb baholangan davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashishda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va ularning ushbu yo‘nalishdagi faoliyatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi va ijrosi ta’minlash yuzasidan tegishli rahbarlarning hisobotlari har chorakda O‘zbekiston Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishlarida eshitib boriladi”, deya ta’kidlangan tahlilda.
Ushbu reyting baholash natijalari esa Milliy kengashga yuborilgan.
LiveBarchasi