Markaziy bank asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirdi

Jamiyat

image

Bugun, 14 mart kuni Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda bankning tegishli press-relizida ma’lum qilindi.

“Markaziy bank boshqaruvi iqtisodiyotda talab va taklif mutanosibligiga erishish bo‘yicha noaniqliklar va inflyatsiyani oshiruvchi kutilmalarning saqlanib qolayotganligini inobatga olib hamda inflyatsiyaning 5 foizlik targetigacha pasaytirish uchun zarur pul-kredit sharoitlarini ta’minlash maqsadida asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, umumiy inflyatsiya yil boshidan pasayib, fevral oyida 8,3 foizni tashkil etgan. Biroq, so‘nggi oylarda yuqori talab va bir qator tartibga solinadigan narx va tariflarning oshishi fonida xizmatlar inflyatsiyasi tezlashishi kuzatilgan. Bundan tashqari, aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari deyarli o‘zgarishsiz, yuqoriligicha qolmoqda.

“Joriy yil oxiriga inflyatsiya 8-9 foizlik prognoz diapazoni doirasida shakllanishi kutilmoqda. Prognoz davrida tartibga solinadigan narxlar o‘zgarishi va ularning inflyatsion kutilmalarga ta’siri bo‘yicha noaniqliklar saqlanib qolmoqda”, deyiladi MB bayonotida.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, asosiy ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari o‘tgan yilning yanvar-fevral oylariga nisbatan yuqori sur’atlarda o‘sgan. Shuningdek, ayrim tarmoqlarda, xususan yil boshidan oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish dinamikasining sustlashishi qisqa muddatli istiqbolda ichki bozorda talab va taklif nomutanosibligini keltirib chiqarishi yoki importga qo‘shimcha bosimni yaratishi mumkin.

Bildirilishicha, Markaziy bank inflyatsiyaning 5 foizlik targetiga erishishga qaratilgan izchil pul-kredit siyosatini amalga oshirishda davom etadi. Bunda iqtisodiyotdagi talab va taklif mutanosibligiga, inflyatsion kutilmalarga va tartibga solinadigan narxlarning o‘zgarish dinamikasiga alohida e’tibor qaratiladi.

Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2024 yil 25 aprelga belgilangan.


Maqola muallifi

Teglar

Markaziy bank asosiy stavka

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing