Mardikorlikdan UFC’gacha yo‘l

Intervyu

Oxirgi yillarda O‘zbekistonda aralash jang san’ati (MMA) ommalashib bormoqda. Ushbu sport turiga qiziquvchi auditoriya soni bilan bir qatorda MMA'ga ixtisoslashgan proumouterlarda ham o‘zbekistonlik sportchilar soni ko‘payib qolgan.

MMA olamidagi eng nufuzli promouter bu Ultimate Fighting Championship (UFC) hisoblanadi. UFC turnirlarida ishtirok etish, promouterning asosiy kardida jang qilib, g‘alabaga erishish har bir MMA vakilining orzusi hisoblanadi. Bugunga kelib UFC'dagi O‘zbekiston vakillari soni 3 nafarni tashkil etadi. Bular shu yilning 21 iyunida tashkilotda shov-shuvli debyutni amalga oshirgan Nursulton Ro‘ziboyev, 2 sentyabr kuni jiddiy raqibga qarshi oktagonga ko‘tariladigan Bogdan Guskov va UFC tarixidagi birinchi o‘zbekistonlik jangchi, oxirgi jangida amerikalik tajribali Brayan Barberenani mag‘lub etgan Mahmud Murodov.

QALAMPIR.UZ'ning bu galgi suhbatdoshi doimoiy shov-shuvlar ostida yuradigan Mahmud Murodov bo‘ldi. 

33 yoshli sportchi UFC'dagi keyingi jangi, Murodov professional ligasining (MPL) keyingi taqdiri va o‘zi bilan bog‘liq bir qator gap-so‘zlarga izoh berdi. 

“Hozir jarohatim bor. UFC doimiy tarzda jismoniy holatimni kuzatib boradi. Tashkilot bir oydan keyin mening jismoniy holatimga qarab, qachon jang o‘tkazishim mumkinligini belgilab beradi. UFC menga kimni bersa, o‘sha sportchi bilan jang qilaman”, deydi Mahmud Murodov.

Ma’lumki, Murodov o‘zbekistonlik boshqa bir UFC jangchisi Nursulton Ro‘ziboyev bilan bitta vaznda jang qiladi. Agar UFC Murodovga Ro‘ziboyev bilan jang qilishga buyruq bersa, Murodov qanday qaror qabul qiladi?

“U ham men ham UFC'damiz. Agar tashkilot menga Ro‘ziboyev bilan jang bersa, men shu zahoti “yo‘q”, deb javob beraman. Bu qarorimdan keyin kimdir meni “Mahmud qo‘rqdi” deb aytishi mumkin, lekin bu shunchaki odamlarning fikri. Men hech kimdan qo‘rqmayman. Vatandoshim bilan jang qilish menga hech narsa bermaydi”, deydi Murodov.

Shuningdek, sportchi o‘ziga tegishli bo‘lgan Murodov professional ligasining (MPL) keyingi turnirlari bilan bog‘liq savollarga ham javob qaytardi. 

“Keyingi MPL turniri sentyabrda o‘tkaziladi. Undan keyin har 2-3 oyda bitta turnir o‘tkazishga harakat qilamiz”, deb aytdi sportchi.

O‘z vaqtida Mahmud Murodov O‘zbekiston fuqaroligini olishda juda ko‘p qiyinchiliklarga uchragan. U bugungi darajasiga yetguncha xorijda og‘ir ishlarni bajargan, biroq doimiy sport bilan shug‘ullanishga imkon topgan.

Intervyu davomida jangchi marhum Murod Xonto‘rayev bilan munosabati, qo‘qonlik sportchi Humoyun To‘xtamurodovning MPLdan ketishi bilan bog‘liq savollarga ham aniqlik kiritdi.


Maqola muallifi

Teglar

UFC Mahmud Murodov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing