Maosh ochiqlanmaydi. Kannavaro bilan shartnomaning ba’zi tafsilotlari ma’lum qilindi
Sport
−
06 Oktabr 5662 2 daqiqa
Avvalroq, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) italiyalik mutaxassis Fabio Kannavaro bilan kelishuvga erishgani, 52 yoshli mutaxassisning maoshi murabbiylik xarajatlarini hisobga olgan holda yiliga taxminan 4 million yevroni tashkil etishi haqida xabarlar tarqalgandi. O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov bugun, 6 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida bunday xabarlarni rad etdi.
“Ijtimoiy tarmoqlarda turli raqamlar tilga olinmoqda, ammo shuni ochiq aytmoqchimanki – bu mish-mish xolos. O‘FA barcha jarayonlarni qonuniy, shaffof va o‘z imkoniyatlari doirasida amalga oshirgan. Etika nuqtai nazaridan buni ochiqlash to‘g‘ri bo‘lmaydi”, dedi Ermatov.
Shuningdek, Ermatov milliy jamoaning barqarorligini saqlash uchun Timur Kapadze yordamchi murabbiy sifatida faoliyatini davom ettirishini ma’lum qildi.
“Tarixiy natija qayd etib, Jahon chempionatiga yo‘l olishimizda mehnati singgan barcha murabbiylarga, xususan, Srechko Katanets va Timur Kapadzega chuqur minnatdorlik bildiramiz.
Jahon chempionati bu katta musobaqa uni butun dunyo tomosha qiladi va futbol ommasining nigohi O‘zbekistonga qaratiladi. Shu sababli, turnirda munosib ishtirok etish va mundial havosini olib kirish uchun aynan futbolchi sifatida ishtirok etgan mutaxassisni jalb qilish ko‘zda tutilgan edi. O‘FA rahbariyati hamda Murabbiylar kengashi tomonidan jamoamizni Jahon chempionatiga tayyorlash uchun italiyalik mutaxassis – Fabio Kannavarro bosh murabbiy etib tayinlanishi maqsadga muvofiq deb topildi”, dedi O‘FA vitse-prezidenti.
Ma’lum qilinishicha, yangi bosh murabbiy bilan 2+3 ko‘rinishida shartnoma imzolangan. Italiyalik mutaxassis O‘zbekiston MTJ bosh murabbiyi sifatida ikki yil faoliyat yuritadigan bo‘ldi. Agar shu davr ichida qayd etilgan natijalar qoniqarli bo‘lsa, shartnoma yana 3 yilga uzaytirilishi mumkin.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi media departamenti rahbari Davron Fayziyev esa O‘FA germaniyalik Yoaxim Lyov va portugaliyalik Paulu Bentu bilan muzokara olib borganini tasdiqladi.
Live
Barchasi