Navoiyda qudalar o‘rtasida mudhish qotillik. Bir oiladan ikki kishi o‘ldirilgan

Jamiyat

image

Navoiy viloyati Karmana tumanida qudalar o‘rtasida mudhish qotillik sodir etildi.

1990 yilda tug‘ilgan fuqaro F.S. joriy yilning 28 iyun kuni soat 08:00 lar atrofida Karmana tumani, “Shibzon” MFYda istiqomat qiluvchi qudacining hovlisiga kelib, to‘rt kun muqaddam, ya’ni 24 iyun kuni o‘z joniga qasd qilgan singlisining o‘limiga ular sababchi bo‘lganligini iddao qiladi. Tortishuvlardan so‘ng fuqaro F.S. xonadon egasi hamda uning ikki nafar qiziga o‘zi bilan olib kelgan oshxona pichog‘i bilan ularning tanasining turli joylariga tan jarohatlari yetkazib, hodisa joyidan yashirinadi.

Olingan og‘ir tan jarohatlari natijasida xonadon egasi voqea joyida, uning bir nafar qizi esa shifoxonaga olib borilayotganida yo‘lda vafot etadi. Uchinchi jabrlanuvchi esa hozirda Karmana tumani tibbiyot birlashmasining “jonlantirish” bo‘limiga yotqizilgan.

“Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qotillik jinoyatini sodir etgan shaxsning singlisi ikki oy oldin mazkur xonadonga kelin bo‘lib tushgan. Qashqadaryo viloyati, Koson tumanida joylashgan harbiy qismda faoliyat olib borayotgan kuyov to‘ydan so‘ng kelin bilan mazkur tumanda ijaraga uy olib, birga yashashgan. Ta’kidlanganidek, hodisadan to‘rt kun avval kelin ushbu ijara uyida o‘z joniga qasd qilib, vafot etgan. Mazkur holat yuzasidan bugungi kunda Koson tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari o‘tkazilmoqda”, deydi Karmana tuman IIB huzuridagi TB katta tergovchisi B. Hamdamov.

28 iyun kuni sodir bo‘lgan mudhish qotillik yuzasidan esa Karmana tuman prokurori tomonidan fuqaro F.S.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari viloyat prokuraturasi o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan olib borilmoqda.

Olib borilgan tergov-tezkor harakatlari davomida gumon qilinuvchi ushlanib, unga himoyachi ishtirokida himoyaga bo‘lgan huquqlari tushuntirilib, O‘zbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, JPKning 221-moddasi tartibida ushlandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Jinoyat qotillik

Baholaganlar

186

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing