Mansabdor shaxslar soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishga majbur – Qaror loyihasi
Jamiyat
−
27 noyabr 2019
4421Mansabdor shaxslar Soliq organlarining ichki mehnat tartibi qoidalariga rioya etishga, shuningdek, soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish, soliq nazoratini amalga oshirish va soliq qarzdorligini undirish vaqtida identifikasiya raqamli metall jetonni taqib yurishga majburdirlar. Bu haqda Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaror loyihasida keltirib o‘tilgan.
Hujjatga muvofiq, Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining Moddiy yordam, ijtimoiy himoya, soliq organlarini rivojlantirish va ko‘zda tutilmagan xarajatlar maxsus jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomiga quyidagicha qo‘shimchalar kiritiladi:
• “davlat soliq xizmati organlarida ishlab pensiyaga chiqqan xodimlarga bayramlarda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining bir barobarini 35 foizi miqdorigacha va sog‘lig‘ini tiklash uchun bir yilda bir marotaba mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining uch barobari miqdorigacha moddiy yordam berish istisno tariqasida, Maxsus jamg‘armaning tasarruf etuvchilari tomonidan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining o‘n barobarigacha belgilanishi mumkin”;
• “Davlat soliq qo‘mitasining Hay’ati qaroriga asosan ushbu bandda ko‘zda tutilmagan va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa xarajatlar uchun”;
• “Mazkur Nizomning 2-bandi beshinchi va oltinchi xatboshilarda qayd etilgan Maxsus jamg‘armaning shakllantirish manbalari hisobidan davlat soliq xizmati organlari rahbarlari boshchilik qiladigan sektorlarga yuklatilgan hududlarni kompleks rivojlantirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun sarflanishi mumkin”.
• “ Mansabdor shaxslar Soliq organlarining ichki mehnat tartibi qoidalariga rioya etishga, shuningdek, soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish, soliq nazoratini amalga oshirish va soliq qarzdorligini undirish vaqtida identifikatsiya raqamli metall jetonni taqib yurishga majburdirlar. Identifikatsiya raqamli metall jetonni namunasi, uni ta’minoti va taqib yurish qoidalari Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan belgilanadi”.
Eslatib o‘tamiz, loyihaga o‘zgartirish kiritilishi yoki tasdiqlanmasligi mumkin.
Shahnoza To‘ramurotova
LiveBarchasi