Mansabdor shaxslar korrupsiya tufayli 2 trln so‘mdan ziyod moddiy zarar yetkazdi – Bosh prokuror

Jamiyat

image

Avval xabar berganimizdek, ayni paytda Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev boshchiligida korrupsiya holatlari bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda. 

Yig‘ilish davomida Bosh prokuror hududlar va tashkilotlardagi korrupsiya holatlari haqida so‘z yuritdi. Bu haqda Qalampir.uz muxbiri Feruza Najmiddinova xabar bermoqda.

“Taassufki, respublikamizda o‘tgan ikki yilda 1 986 nafar mansabdor shaxs korrupsiyaviy jinoyatlarni sodir etganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bunday jinoyatlar oqibatida yetkazilgan moddiy zarar miqdori 2 trln. so‘mdan oshgan”, dedi Bosh prokuror.

Yig‘ilishda prokuraturaning nazorat tadbirlari hamda tergov natijalari tahlili asosida korrupsiya eng ko‘p uchrayotgan sohalar, vazirlik va idoralar kesimida aniq misollar va raqamlarda ko‘rsatib berildi. 

Ta’kidlanishicha, iqtisodiy sohadagi korrupsiyaviy holatlar asosan byudjet mablag‘laridan foydalanish jarayonida sodir etilmoqda.

“O‘tgan ikki yilda respublika bo‘yicha 371 mlrd. so‘m byudjet mablag‘larini talon - toroj qilish holatlari aniqlanib, bu qilmishlar uchun 2.477 nafar shaxslar jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Byudjet mablag‘larining ratsional taqsimlanishi va maqsadli ishlatilishi yuzasidan davlat nazoratiga mas’ul moliya organlarida yuklatilgan vazifalar talab darajasida bajarilmayotganligi tanqid ostiga olindi.

Moliya organlarining byudjet sarfini to‘laqonli nazorat qilishiga tizimdagi korrupsiya holatlari ham to‘sqinlik qilmoqda”, dedi Nig‘matilla Yo‘ldoshev.

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan ikki yilda moliya organlarining 41 nafar xodimi korrupsiya holatlari uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan.

“Masalan, Davlat moliyaviy nazorati departamentining Surxondaryo viloyati boshqarmasi bosh nazoratchi-taftishchisi N. Uzun qurilish kollejida aniqlangan 265 mln. so‘mlik kamomadni yashirish evaziga kollej bosh hisobchisi A.dan 2.000 dollar va 500 ming so‘m olganligi uchun sud hukmi bilan jazoga tortilgan.

Yoki, G‘aznachilikning Andijon viloyati boshqarmasi mansabdor shaxslari xodimlarga ish haqi berish vaji bilan bankdan 1 mlrd. so‘m ortiqcha pul olishga erishib, uni shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuborganligi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov o‘tkazilmoqda”, dedi Bosh prokuror.

Ta’kidlanishicha, vazirlik tizimidagi Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining 22 nafar xodimi pensiya uchun ajratilgan mablag‘larni talon-toroj qilganligi va boshqa suiiste’molchiliklari uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Jamg‘armaning Piskent tumani bo‘limi bosh inspektori M. “Xalq banki” kassiri H. bilan birga, 142 nafar vafot etgan fuqarolar nomiga pensiya rasmiylashtirib, jami 86 mln. so‘mni o‘zlashtirib yuborgan.

Yig‘ilish davom etmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

korruptsiya prokuratura

Baholaganlar

82

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing