Manfaatlar to‘qnashuvini yashirganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda

Jamiyat

image

Adliya vazirligi tomonidan "Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish to‘g‘risida"gi va "O‘zbekiston Respublikasining “Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun loyihalari ishlab chiqildi va jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Qonun loyihalarida quyidagilar nazarda tutilmoqda:

a) davlat tashkiloti xodimi yoki uning yaqin qarindoshi aksiyadori, muassisi (ishtirokchisi), boshqaruv organi a’zosi hisoblanadigan yuridik shaxs ushbu xodimlarga aloqador shaxs hisoblanishi belgilanmoqda;

b) davlat tashkiloti faoliyatida manfaatlar to‘qnashuvi tartibga solishda vakolatli organlar, ya’ni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, davlat tashkilotlarining odob-axloq komissiyalari, kadrlar bo‘linmalari va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalarining vazifalari belgilanmoqda;

s) davlat tashkiloti xodimi tomonidan manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ma’lum qilish quyidagi shakllarda amalga oshirilishi belgilanmoqda:

•    manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni deklaratsiya qilish;

•    mavjud manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida xabar berish.

Shuningdek, davlat tashkiloti xodimining yaqin qarindoshlari va unga aloqador bo‘lgan shaxslar mazkur xodimning mehnat qilayotgan tashkiloti bilan huquqiy munosabatga kirishayotganida manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida yozma yoki elektron shaklda xabar berishi lozimligi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, manfaatlar to‘qnashuviga oid talablarni buzganlikning huquqiy oqibatlari belgilanmoqda. Xususan:

•    manfaatlar to‘qnashuvini ma’lum qilmaslik yoki uning tartibga solinmaganligi uchun intizomiy yoki qonunchilikda belgilangan boshqa javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lishi;

•    davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining har bir holatda manfaatlar to‘qnashuvi haqida xabar bermaganligi uchun BHMning uch baravardan besh baravarigacha (takroran bo‘lsa – BHMning besh baravardan o‘n baravarigacha), mansabdor shaxslarining ushbu vaziyatlarni tartibga solmaganligi uchun BHMning besh baravardan o‘n baravarigacha jarimaga (takroran bo‘lsa – BHMning o‘n baravardan o‘n besh baravarigacha);

•    ma’muriy bayonnoma tuzish vakolatlari qonunchilik hujjatlariga muvofiq vakolatli bo‘lgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga yuklatilmoqda;

•    manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygan holda qabul qilingan qarorlar va tuzilgan bitimlar bekor qilinishi sud tartibida haqiqiy emas deb topilishi, shuningdek ushbu qarorlar haqiqiy emas deb topilgan taqdirda olingan foyda sud tartibida davlat daromadiga o‘tkazilishi;

•    manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash mexanizmlari belgilanmoqda.

Mazkur qonun loyihalari qabul qilinsa, davlat tashkilotida davlat xizmatchilari tomonidan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir qilinishi oldi olinishi hamda xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash sohasidagi 3 ta indeksda O‘zbekiston pozitsiyasiga ijobiy ta’sir etishi kutilmoqda.

Qonun loyihalarini ishlab chiqishda mazkur sohada ilg‘or tajribaga ega bo‘lgan xorijiy davlatlarning (Chexiya, Latviya, Xorvatiya, Gruziya, Kanada, Moldova va boshqalar) amaliyoti o‘rganilgan.


Maqola muallifi

Teglar

manfaatlar to'qnashuvi

Baholaganlar

45

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing