Mamdani mustaqillik kuniga atalgan nutqida Trampning siyosatini qoraladi (video)
Olam
−
04 iyul 4028 3 daqiqa
Nyu-York meri Mamdani AQSH mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan muhojirlarni qo‘llab-quvvatlovchi nutq so‘zladi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Nyu-York meri Zohran Mamdani AQSH mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan so‘zlagan nutqida mamlakat va shahar taraqqiyotida muhojirlarning o‘rnini alohida ta’kidlagan. Uning chiqishi Prezident Donald Trampning ommaviy deportatsiya siyosatiga g‘oyaviy javob sifatida baholangan.
Nyu-York shahar hokimiyati binosida, AQSHning birinchi prezidenti Jorj Vashington foydalangan tarixiy ish stoli ortidan nutq so‘zlagan Mamdani atrofiga o‘zi kabi fuqarolikka keyinchalik qabul qilingan amerikaliklarni to‘plagan va shaharni shakllantirgan muhojirlar to‘lqinlarini eslagan.
“Yuz minglab irland muhojirlari mustamlakachilik siyosati keltirib chiqargan ocharchilikdan qochib keldi. Xitoylik dengizchilar bugungi Chaynataunga asos soldi. Millionlab odamlar Ozodlik haykali va Ellis oroli orqali kirib keldi. Yahudiylar qirg‘inlardan, italiyaliklar qashshoqlikdan, suriyaliklar esa iqtisodiy imkoniyat izlab keldi”, degan Mamdani.
Uning aytishicha, federal hukumat tomonidan qabul qilingan cheklovchi qonunlarga va boshqa qiyinchiliklarga qaramay, muhojirlar Nyu-Yorkda o‘z uyini qurgan va aynan ular Nyu-Yorkni bugungi qiyofasiga keltirishga yordam bergan.
Bir necha kun avval AQSH Oliy sudi tug‘ilgan joyiga qarab fuqarolik berish huquqini bekor qilishga qaratilgan Donald Tramp tashabbusini rad etgan edi.
“Har bir avlod amerikaliklar hayot, erkinlik va baxtga intilish huquqi o‘zlariga ham tegishli ekanini talab qilib kelgan. Bu o‘tmishda qolgan meros emas”, degan Mamdani bu qarorga ishora qilib.
Ugandada tug‘ilib, yetti yoshida oilasi bilan Nyu-Yorkka ko‘chib kelgan va 2018 yilda AQSH fuqaroligini olgan Mamdani tarixiy misollar keltirib, Amerika demokratiyasi Filadelfiyada shakllangan bo‘lsa-da, 1776 yilda Nyu-York ham Britaniya mustamlakachiligiga qarshi kurashning muhim markazlaridan biri bo‘lganini ta’kidlagan.
Mamdani, shuningdek, hozirgi Nyu-York 1776 yilda Jorj Vashington ko‘rgan shahardan butunlay farq qilishini bildirgan. Shu bilan birga, u Donald Tramp siyosatini ham tanqid qilgan.
“Qudrat egalari Amerikani faqat ayrimlarga erkinlik berilgan ustunlik maydoni deb biladi. Ularga ko‘ra, Amerika qancha ko‘p odamni qabul qilsa, shuncha zaiflashadi. Ular Amerika faqat to‘g‘ri talaffuzga yoki to‘g‘ri teri rangiga ega odamlarga tegishli, deb hisoblaydi”, degan Mamdani.
Qayd etilishicha, so‘nggi kunlarda Mamdani qo‘llab-quvvatlagan uch nafar demokrat-sotsialist nomzod Nyu-Yorkdagi saylovlarda g‘alaba qozongan. Shuningdek, Filadelfiya, Denver va Vashington kabi shaharlarda ham shu siyosiy qarashdagi nomzodlar kutilgandan yaxshiroq natija ko‘rsatgan. Nutqi yakunida Mamdani jamiyatni bo‘lishga urinayotganlarga qarshi turishga chaqirgan.
“Jamiyatni bo‘lish siyosatdagi eng eski va eng arzon usuldir”, degan u.
Shuningdek, u vatanparvarlik tushunchasiga ham o‘z munosabatini bildirgan.
“Vatanparvarlik mamlakatni nuqsonsiz deb ko‘rsatish emas. Vatanparvarlik – adolat uchun har bir norozilik, har bir yurish va o‘z vaqtidan oldin o‘tkazilgan har bir namoyishdir. Biz bu mamlakatni yaxshi ko‘rganimiz uchun uni tark etmaymiz”, deb ta’kidlagan Nyu-York meri.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp mamlakat mustaqilligining 250 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirlarini Janubiy Dakota shtatidagi Maunt-Rashmor yodgorligida nutq so‘zlash bilan boshladi. U o‘z chiqishida mamlakatdagi “kommunistik tahdid” haqida gapirib, uni qo‘llab-quvvatlovchilarni “1776 yil 4 iyul dushmanlari” deb ataganihaqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi