Malayziya “Tolibon”ni tan olishi mumkin
Olam
−
11:14 397 2 daqiqa
Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohim Islom hamkorlik tashkiloti bilan hamkorlikda “Tolibon” muvaqqat hukumatini tan olish masalasini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi. Bu haqda “Afghanistan International” xabar qildi.
Uning aytishicha, har qanday qaror adolat, inklyuzivlik, ayollar va ozchiliklar huquqlariga hurmat hamda ta’limga erkin kirish kafolatlari asosida qabul qilinadi.
Bu Ibrohimning “Tolibon” hukumatini tan olish masalasini ochiqchasiga ilk bor tilga olishi hisoblanadi. Hozircha esa hech bir islomiy davlat Afg‘onistonni rasmiy ravishda tan olmagan.
Ibrohim 26 mart kuni “Tolibon” bosh vaziri Muhammad Hasan Ohund bilan mintaqadagi hozirgi vaziyat, xususan Tolibon va Pokiston o‘rtasidagi keskinlik haqida suhbatlashgan.
Shuningdek, Malayziya bosh vaziri X sahifasidagi postida tomonlar keskinlikni kamaytirish yo‘llarini muhokama qilganini aytdi va vaziyat yumshashiga umid bildirib, Turkiya, Qatar va Saudiya Arabistonining Tolibon va Pokiston o‘rtasidagi keskinlikni kamaytirishga qaratilgan vositachilik sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Qolaversa, u Malayziya Afg‘onistonga gumanitar yordam ko‘rsatishni davom ettirishini ham ta’kidlagan.
Ko‘plab islom mamlakatlari “Tolibon”ning islomni qat’iy talqin qilishiga, ayniqsa ayollarning ta’lim olishi va ishlashiga qo‘yilgan cheklovlarga qarshi chiqmoqda.
O‘tgan yili Islom dunyosining turli mamlakatlaridan ulamolar Islomobodda o‘tkazilgan yig‘ilishda qizlarning ta’lim olishini taqiqlash, islom qonunchiligida asosga ega emasligini bildirgan edi.
Qayd etish joiz, “Tolibon”ni tan olgan yagona davlat sifatida Rossiya tilga olinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pokiston va Afg‘oniston chegarasida vaqtinchalik sulh muddati tugagach, harbiy harakatlar qaytadan boshlangandi.
Live
Barchasi