Maktablarga beriladigan cholg‘u asboblari va sport jihozlari uchun 122 mlrd so‘m ajratilgani aytildi

Jamiyat

image

Joriy yilda O‘zbekistondagi maktablarni cholg‘u asboblari va sport jihozlari bilan ta’minlash uchun byudjetdan qariyb 122 milliard so‘m ajratilgan. Bu haqda O‘zA xabar berdi. 

Bugun, 27 sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasida “Respublika byudjetidan ajratiladigan mablag‘lardan foydalanish hamda rivojlantirish dasturlari maqsadli indikatorlarining 2023 yil uchinchi chorakdagi ijrosi to‘g‘risida”gi masala yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi axborot bergan.

Qayd etilishicha, 2023 yildan boshlab 10 ming 130 ta umumta’lim maktablarini 7 to‘plamdagi milliy cholg‘u asboblari hamda 6 nomdagi birlamchi sport jihozlari bilan ta’minlash xarajatlariga jami 121,9 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, jami 108,9 milliard so‘mlik shartnoma imzolangan. Ushbu xaridlar bo‘yicha 8 oy davomida jami 85,7 milliard so‘m kassa xarajatlari amalga oshirilgan.

Shuningdek, 2023/2024 o‘quv yilida umumta’lim maktablarining 1-sinfiga kelishi rejalashtirilgan maktab yoshidagi 732 ming 960 nafar bolalar hamda kasalligi tufayli yakka tartibda uyida ta’lim oladigan 14 ming 897 nafar nogironligi bo‘lgan bolalar uchun jami 12 nomdagi o‘quv qurollari xaridi bo‘yicha 142,7 milliard so‘m mablag‘ rejalashtirilgan. Shundan 134,5 milliard so‘mlik xaridlar amalga oshirilib, joylarga to‘liq yetkazib berilgan.

Shu bilan birga, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida axborot texnologiyalarini rivojlantirish maqsadida 557 to‘plamdagi kompyuter jamlanmalari xaridi uchun 100 milliard so‘m ajratilgan bo‘lib, shundan 98,5 milliard so‘mlik kompyuter to‘plamlari xarid qilingan.

Akobir Sayidov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Maktab cholg'u asboblari sport jihozlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing