Maktablarda o‘qish 3 bosqichda boshlanishi rostmi? XTV izoh berdi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda umumiy o‘rta ta’lim maktablari ochilishi haqida turli xabarlar tarqaldi. Unda 1-4 va 11-sinflar 2 sentyabrdan, 3-7 va 9-sinflar 20 oktyabrdan, 5-8 va 10-sinflar 5 noyabrdan maktabga boradi deyilgan.

Mazkur xabarlar rost yo yolg‘onligiga aniqlik kiritish uchun Xalq ta’limi vazirligi Matbuot kotibi Laylo Rustamova bilan bog‘landik. U bu xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.

“Maktablar bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmadi. Tarqalayotgan ma’lumotlar “feyk”. Biz bunday ma’lumot bermadik”, dedi XTV vakili.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘quv yilini boshlash bo‘yicha 3 ta ssenariy taklif qilingan. Ular o‘rganib chiqiladi va yakuniy qarorni O‘zbekistonga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi qabul qiladi.

“Biz, vazirlik o‘quv yiliga har uchta ssenariy bo‘yicha tegishlicha tartibda tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Ularning qay biri ma’qul ko‘rilishi bo‘yicha bizda ma’lumot yo‘q. Sog‘liqni saqlash vazirligining o‘rganishlari xulosasiga ko‘ra, Respublika maxsus komissiyasi ruxsat bersa, ma’lum bo‘ladi”, dedi Laylo Rustamova.

Eslatib o‘tamiz, Xalq ta’limi vazirligi o‘z vakolatidan kelib chiqib, o‘quv yilini boshlash bo‘yicha quyidagi uchta ssenariyni taklif qilgaan

1-ssenariy: Pandemiya holati barqarorlashib, maktablar odatiy tartibda o‘z faoliyatini boshlaydi. Xalqaro tajriba maktab yoshidagi bolalarga kasallik kam holatda yuqishini, bolalardan kattalarga yuqish xavfi ham kamligini ko‘rsatmoqda.

2-ssenariy: Sog‘liqni saqlash vazirligining O‘zbekistonda bolalarda virus kechishi bo‘yicha xulosasi ijobiy bo‘lmagan taqdirda ta’lim onlayn tartibda davom ettiriladi.

3-ssenariy: Gibrid ssenariy bo‘lib, maktablar ochiladi. Faoliyat ma’lum bir hudud va maktabdagi karantin holatidan kelib chiqib olib boriladi. Bunda, dastlabki bosqichda farzandi salomatligidan xavotir olgan ota-onalarga bolani uyda onlayn o‘qitishga imkon berilishi ko‘zda tutilgan, ya’ni bolaning maktabga davomati erkin bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

maktab XTV

Baholaganlar

775

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing