Maktablar va bog‘chalar oldida tezlik soatiga 30 km bilan cheklanadi
Jamiyat
−
17 may 4717 2 daqiqa
Endi maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari atrofida harakat tezligi soatiga 30 km bilan cheklanadi. Bu haqda joriy yilning 15 may kuni qabul qilingan “Transport vositalaridan foydalanishda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qarorida so‘z boradi.
Ushbu yangi qarorga muvofiq, Ichki ishlar vazirligi 2025 yil 1 sentyabrga qadar maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari atrofida harakat tezligini soatiga 30 km bilan cheklashni belgilaydigan yo‘l belgilari hamda bu talabga rioya etilishini nazorat qiluvchi maxsus texnika vositalarini o‘rnatadi.
Ushbu cheklov dam olish kunlari, ta’til davrlari hamda kechki 19:00 dan ertalab soat 07:00 gacha umumiy ruxsat etilgan tezlik darajasigacha oshirilishi mumkin.
Shuningdek, IIV ikki oy muddatda yo‘l harakati qoidalariga tegishli o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar tayyorlab, Vazirlar Mahkamasiga kiritadi. Qolaversa, qarorda Transport vazirligi bilan hamkorlikda olti oy davomida tezlik qoidalariga amal qilinmayotgan hududlarga elektron ogohlantiruvchi tablolar o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Bu ishlar keyinchalik maxsus dasturlar asosida boshqa hududlarda ham joriy etiladi.
Shu bilan birga, yo‘llardagi barcha maxsus texnika vositalarining maqsadga muvofiqligi va texnik talablarga mosligi nuqtai nazaridan maxsus komissiya tomonidan to‘liq xatlovdan o‘tkaziladi. Talablarga javob bermaydigan va noqonuniy o‘rnatilgan qurilmalar olib tashlanadi.
Qarorga ko‘ra, tuman va shahar hokimliklarining huzurida yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish jamg‘armalari tashkil etiladi hamda bu mablag‘lar faqat shu maqsad uchun sarflanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 1 iyundan boshlab shaharlarda avtomobil yo‘llarida ta’mirlash yoki yo‘l chiziqlarini chizish bilan bog‘liq ishlar soat 07:00 dan 21:00 ga qadar amalga oshirishga (dam olish kunlari, shuningdek, kechiktirib bo‘lmaydigan alohida holatlar bundan mustasno) yo‘l qo‘yilmasligi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi