Maktabga qulagan samolyot 25 bolaning hayotiga zomin bo‘ldi
Olam
−
22 iyul 17393 2 daqiqa
Kecha, 21 iyul kuni Bangladesh poytaxti Dakkada Harbiy-havo kuchlarining F-7 samolyoti halokatga uchrab, kollej va maktab kampusiga qulagandi. Fojia oqibatida 27 kishi halok bo‘ldi, ularning 25 nafar bolalar. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qiruvchi samolyot Kurmitoladagi harbiy-havo kuchlari bazasidan muntazam mashg‘ulot missiyasini bajarish uchun soat 13:06 da havoga ko‘tarilgan, biroq ko‘p o‘tmay mexanik nosozlik yuz bergan. Uchuvchi tinch aholi orasida qurbonlar va zararni minimallashtirish uchun samolyotni aholi zich joylashgan hududlardan uzoqlashtirishga harakat qilgan, biroq uning urinishlari muvaffaqiyatsiz tugab, samolyot binoga qulab tushdi.
Samolyot qulab tushgan ikki qavatli bino Dakkaning Diabari hududidagi Milestone maktabi va kollejiga tegishli bo‘lib, havo kuchlari bazasidan taxminan 10 kilometr uzoqlikda joylashgan. Voqea joyidan olingan tasvirlarda samolyotning parchalangan qoldiqlari binoning yon tomoniga egilib, uning temir panjaralarini shikastlagani va konstruksiyada teshik hosil qilganini ko‘rish mumkin.
Kamida 27 kishining jasadi, jumladan 25 nafar bola, o‘qituvchi va samolyot uchuvchisi vayronalar ostidan chiqarib olingan. Shuningdek, 100 dan ortiq bola va yana 15 kishi jarohat olgan, ulardan 78 nafari kuyish jarohatlari bilan hali ham shifoxonada.
Jane's Information Group ma’lumotlariga ko‘ra, qulagan samolyot Xitoyning Chengdu J-7/F-7 samolyotlari oilasidagi oxirgi va eng ilg‘or variant F-7 qiruvchi samolyoti bo‘lgan. Bangladesh 2011 yilda 16 ta shunday samolyot uchun shartnoma imzolagan va 2013 yilda yetkazib berish yakunlangan.
Bangladesh harbiy-havo kuchlari halokat sabablarini o‘rganish uchun yuqori darajadagi tergov qo‘mitasini tuzdi. Mamlakat muvaqqat hukumati rahbari Muhammad Yunus ham uning sabablarini tekshirish uchun “barcha zarur choralarni ko‘rishga” va’da berdi. Ayni paytda hukumat jabrlanganlarga “har qanday yordam” berilayotganini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 12 iyun kuni Air India aviakompaniyasining AI171 reysi bo‘yicha Ahmadoboddan Londonga yo‘l olgan Boeing 787-8 Dreamliner samolyoti Gujaratdagi Ahmadobod aeroportidan havoga ko‘tarilganidan ko‘p o‘tmay halokatga uchragan edi. Samolyot bortida 242 kishi – 230 yo‘lovchi va 12 ekipaj a’zosi bo‘lgan. Samolyot tibbiyot kolleji yotoqxonasiga borib urilib, turarjoy hududiga qulagandi. Qurbonlar bortdagilar va shahar aholisi bo‘lgan. 270 dan ortiq odam vafot etgandi.
Live
Barchasi