Maktabdagi janjalda Milliy gvardiya hodimi tan jarohati oldi  

3-sahifa

image

Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi maktablardan birida ro‘y bergan janjalni bartaraf etmoqchi bo‘lgan Milliy gvardiya xodimiga tan jarohati yetkazildi. Hodisa bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Milliy gvardiya matbuot xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, voqea joriy yilning 1 mart kuni soat taxminan 13:00 larda Zangiota tumani, “Bog‘ishamol” MFYdagi 4-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida sodir bo‘lgan. Maktabda xizmat vazifasini bajarayotgan Milliy gvardiya xodimi yuqori sinf o‘quvchilarining maktabni orqa taraf hovlisida o‘zaro janjallashayotganini ko‘rib qolib holatni bartaraf etishga kirishgan.

Shu vaqtda profilaktika inspektori ham yetib kelib, Milliy gvardiya xodimi bilan birgalikda o‘quvchilarni tinchlantirishga kirishganida, ushbu maktabning 10-sinf o‘quvchisi akasini chaqirgan. Tashqaridan yetib kelgan o‘quvchining akasi hamda uning ikkita sherigi profilaktika inspektori va Milliy gvardiya xodimining ogohlantirishiga qaramasdan janjalga aralashib ketgan. Taraflarning xatti-harakatlarini va qarshiliklarini to‘xtatish chorasini ko‘rgan Milliy gvardiya xodimiga shu joyda tan jarohati yetkazilgan.

“Maktabdagi tashvish tugmasi orqali chaqirilgan hamda tezkorlik bilan yetib kelgan Qo‘riqlash tezkor guruhi tomonidan holat to‘liq bartaraf etilgan holda Milliy gvardiya xodimining xizmat vazifasini bajarishiga qarshilik qilganlar qo‘lga olinib, tuman ichki ishlar bo‘limiga topshirilgan”, deyiladi xabarda.

Dastlabki surishtiruv ishlari davomida tashqaridan maktab hududiga kirib, janjalga aralashgan va xodimlarga faol qarshilik ko‘rsatgan fuqaro ushbu maktabning 10-sinf o‘quvchisining akasi Toshkent viloyati, Zangiota tumanida istiqomat qiluvchi 20 yoshli fuqaro ekani ma’lum bo‘lgan.

Mazkur holat bo‘yicha Zangiota tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, fuqaro Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi asosida ushlanib, unga nisbatan ehtiyot chorasini tanlash haqidagi masala hal qilinmoqda.

Bildirilishicha, ushbu holat yuzasidan jinoyatga aloqador bo‘lgan boshqa shaxslarni aniqlash borasida ham tergov harakatlari davom ettirilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

janjal Milliy gvardiya Maktab

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing