Maktab farroshlari sinf xonalarni yig‘ishtirishi kerak emasmi?
Jamiyat
−
20 Oktabr 2020
14865Maktab o‘quvchilarining o‘zlarining orqasidan sinfini yig‘ishtirishi uchun navbatchilik tashkil qilishi ham bolada o‘ziga xos tarbiyani shakllantiradi. Xalq ta’limi vazirligi ba’zi maktablarda sinf xonalarni yig‘ishtirish uchun ota-onalardan pul yig‘ilishiga munosabat bildirib, shunday fikrni ta’kidladi.
“Sinfxonalarni o‘quvchilar navbatchilik asosida tozalashi tavsiya etiladi. Joylarda esa ba’zi ota-onalar farzandlari sinfxonani yig‘ishtirishini hohlamagani uchun farrosh yollab unga sinfxonani yig‘ishtirishi uchun qo‘shimcha mablag‘ to‘lash hollari kuzatiladi. Yana shuni aytish joizki, bolalarning o‘zlarining orqasidan sinfini yig‘ishtirishi uchun navbatchilik tashkil qilishi ham bolada o‘ziga xos tarbiyani shakllantiradi. Bu esa bolaga erta yoshdan o‘zi o‘tirgan joyni toza va ozoda saqlash, o‘zining orqasidan yig‘ishtirib yurish, birovning mehnatini qadrlashni o‘rgatadi. Shu sababli bolalar darslardan keyin sinfxonani yig‘ishtirish uchun navbatchilik tashkil etishi maqsadga muvofiq sanaladi”, deydi XTV Matbuot kotibi Laylo Rustamova.
Qayd etilishicha, maktablarda farroshlar uchun ajratilgan shtat birligi binolarning foydalaniladigan ichki qismi, shu jumladan xizmat xonalari, yo‘laklar, zinapoyalar, faollar zali va sport zal hamda o‘quv sinflari maydonini tozalovchi farrosh lavozimi har 350 kvadrat metr tozalash maydoni uchun 0,5 birlik hisobidan kelib chiqqan holda kiritiladi.
Shuningdek, maktabda mashg‘ulotlar ikkinchi smenada ham olib borilganda, ushbu smenadagi o‘quvchilar foydalanadigan har 350 kv.m. tozalanadigan maydon uchun qo‘shimcha 0,25 birlik, uzaytirilgan kun guruhi mavjud bo‘lganda esa, guruhga qatnovchilar foydalanadigan har 350 kv.m. tozalanadigan maydonga 0,5 birlik hisobidan kelib chiqqan holda farrosh lavozimi kiritiladi.
LiveBarchasi