Maktab darsliklari ijarasi uchun to‘lovni qayta joriy etish rejalashtirilmoqda
Jamiyat
−
30 Oktabr 2024 4002 2 daqiqa
O‘zbekistonda maktab darsliklari ijarasi uchun to‘lovlarni tiklash taklif qilindi. Bu haqda 2025-2027 yillarga mo‘ljallangan byudjetnoma loyihasida keltirilgan.
Byudjetnomaga ko‘ra, bu maktablarni darsliklar bilan ta’minlashda ota-onalarning faolligini oshirishga qaratilgan. 2025-2026 o‘quv yilidan boshlab 2-11 sinf o‘quvchilari uchun darslik va mashq daftarlari to‘plami uchun ijara to‘lovi undirish tizimini qayta yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.
Qayd etilishicha, 2024 yilda bir o‘quvchi uchun bitta darslik va ish daftarlarining o‘rtacha narxi 450−500 ming so‘mni (shundan mashq daftarlari – 100-150 ming so‘m) tashkil etgan.
Hujjatni ishlab chiqqanlar bitta darslik to‘plami uchun 80 ming so‘m, ya’ni uning narxining 16−18 foizini tashkil etadigan miqdorda to‘lov joriy etishni taklif qilmoqda.
Yig‘ilgan 376,6 milliard so‘m mablag‘ har yili o‘quvchilarni mashq daftarlari bilan ta’minlash xarajatlarining bir qismini qoplashga yo‘naltiriladi.
“Darsliklar va mashq daftarlarining to‘liq Davlat byudjeti hisobidan chop etilishi ota-onalar mas’uliyati pasayib ketishi va darsliklarga nisbatan e’tiborsiz munosabatda bo‘lish holatlarini keltirib chiqarmoqda”, deyiladi byudjetnoma loyihasida.
Bunday tizim davlat byudjeti yukini kamaytirish, ota-onalar va o‘quvchilarning o‘quv materiallariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishini kuchaytirishi kutilmoqda, bu esa mutasaddilarning fikricha, o‘quv jarayoni samaradorligini oshiradi.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yilda bitta darslik (mashq daftarlari) uchun o‘rtacha bir martalik ijara haqi keskin 5707 so‘mga (sinfga qarab har to‘plam uchun 68,5 ming so‘mdan 119,8 ming so‘mgacha) yoki o‘tgan o‘quv yiliga nisbatan (2740 so‘m) 2,1 barobarga keskin oshirilgandi. Shundan so‘ng Xalq ta’limi vazirligi narx jahon bozorida qog‘oz narxining oshishi va mamlakatga qog‘oz yetkazib berish uchun transport xarajatlari tufayli qimmatlashganini qayd etgandi. Yangi darsliklarning chop etilish xarajatlarining, xususan dunyo bozorida qog‘oz narxi (faqatgina 2022 yilning o‘zida qog‘oz narxi 60-70 foizga oshgan) va qog‘ozni O‘zbekistonga yetkazib berish bo‘yicha transport xarajatlarining keskin oshib ketishi, tabiiyki darsliklarni chop etish uchun xarajatlarning ham oshib ketishiga olib kelgan.
2022 yil 6 sentyabr kuni o‘sha paytdagi Xalq ta’limi vazirligi mutasaddilari ishtirokidagi matbuot anjumanida vazir o‘rinbosari Temur Komilov O‘zbekistondagi davlat umumta’lim muassasalari o‘quvchilariga darsliklar faqat o‘sha yil bepul berilishini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi