Maksimal darajada vazmin bo‘lishga chaqiramiz – Norov

Olam

image

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Yaqin Sharqdagi vaziyatdan xavotirda va maksimal darajada vazmin bo‘lishga chaqirmoqda. Bu haqda SHHT Bosh kotibi Vladimir Norov Eronning Xitoydagi elchisi Muhammad Kashovarz-Zoda bilan o‘tgan uchrashuvda ma’lum qilgan. 

“Biz mintaqadagi voqealardan xavotirda ekanimizni bildiramiz va barcha tomonlarni ushbu mojaroning eng maqbul siyosiy va diplomatik yechimini izlashga, shuningdek, Yaqin Sharqdagi keskinlikning yanada avj olishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun maksimal darajada vazmin bo‘lishga chaqiramiz”, degan Norov.  

U SHHT xalqaro munosabatlarda har qanday kuch ishlatishga qarshi ekanligini ta’kidlab, suverenitet va hududiy yaxlitlikni hurmat qilish BMT nizomining asosiy tamoyili ekanini eslatgan. 

“SHHT har doim o‘zaro maslahatlashuvlar, ichki ishlarga aralashmaslik, hududiy yaxlitlikni o‘zaro hurmat qilish, harbiy kuch ishlatmaslik yoki kuch ishlatish tahdidlari, bir tomonlama harbiy ustunlikdan voz kechish va xalqaro huquqning boshqa tan olingan normalari asosida barcha masalalarni hal etish, BMT nizomi maqsad va tamoyillariga qat’iy rioya qilish zarurligini doimiy ravishda ta’kidlab keladi”, degan Norov. 

Ma’lumot o‘rnida, Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston a’zo. Eron Islom Respublikasi esa tashkilotda kuzatuvchi maqomiga ega.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Norov Qosim Sulaymoniy

Baholaganlar

166

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing