“Makrondan keyin kim?”. Fransiyada prezidentlik poygasi qizg‘in ketmoqda
Olam
−
12:23 1655 2 daqiqa
Fransiyaning sobiq bosh vaziri Gabriel Attal 2027 yilgi prezidentlik saylovlarida ishtirok etishini rasman e’lon qildi. Bu qaror markazchi siyosatchilar o‘rtasidagi raqobatni yanada kuchaytirishi va ovozlarning bo‘linib ketish xavfini oshirishi mumkin. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
37 yoshli Attal Emmanuel Makron davridagi eng taniqli siyosatchilardan biri hisoblanadi. Biroq tahlilchilarga ko‘ra, uning Makronga juda o‘xshash siyosiy qiyofasi saylovchilar qo‘llovini cheklashi mumkin.
Attal markazchi lagerdagi asosiy raqibi – sobiq bosh vazir Eduard Filipp bilan keskin kurash olib boradi. So‘rovlarga ko‘ra, birinchi turda Attal 14 foizgacha, Filipp esa 25 foizgacha ovoz to‘plashi mumkin.
Nashrning yozishicha, Fransiyada markazchi kuchlarning bo‘linib ketishi o‘ta o‘ng va o‘ta chap siyosatchilar foydasiga ishlashi mumkin. Siyosiy doiralarda ikkinchi turga Jordan Bardella yoki Marine Le Pen boshchiligidagi o‘ta o‘ng kuchlar hamda so‘lchi yetakchi Jan-Lyuk Melanshon chiqishi mumkinligi xavotir uyg‘otmoqda.
Gabriel Attal Fransiyani “Yevropaning yetakchi davlati”ga aylantirishga va’da bergan.
“Fransiya siyosati doimiy tanazzulni boshqarish bilan cheklanib qolganidan charchadim. Men Fransiyani va fransuzlarni chin dildan sevganim uchun prezidentlikka nomzodimni qo‘yaman”, degan u.
Gabriel Attal koronavirus pandemiyasi davrida hukumat matbuot kotibi sifatida mashhurlikka erishgan, keyin esa Fransiya tarixidagi eng yosh bosh vazirga aylangan edi. Uning bosh vazirlik faoliyati atigi yetti oy davom etdi va Makron muddatidan oldin parlament saylovini e’lon qilgach yakunlandi.
Hozirda Attal Makronning partiyasiga rahbarlik qilmoqda.
Nashrning ta’kidlashicha, Attal raqibi Filippdan farqli ravishda saylovoldi kampaniyasida shaxsiy hayoti haqida ochiq gapirmoqda. U bolaligida bosimga uchragani, otasining vafoti haqida ham so‘z yuritgan.
Ta’lim vaziri bo‘lganida u dunyoviylik tamoyili asosida maktablarda abaya kiyimini taqiqlash qarori bilan katta shov-shuvga sabab bo‘lgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq so‘l qanot yetakchisi Jan-Lyuk Melenshon Fransiyada kelasi yil bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovida ishtirok etishini aytgandi.
Live
Barchasi