Makron Yevropani AQSH va Xitoydan mustaqil bo‘lishga chaqirdi
Olam
−
28 may
3762Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron kuchli va suveren Yevropani shakllantirishga chaqirdi. Bu haqda u kecha, 27 may kuni Drezdenda yoshlar bilan suhbat chog‘ida so‘z ochdi.
"Yevropa – tinchlik, farovonlik va demokratiya tarixi", deydi Makron.
Biroq, uning fikricha, Yevropa harakat qilmasa, bularning barchasi xavf ostida qoladi.
“Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi boshlanganidan ikki yil o‘tib, Yevropa o‘z tarixida misli ko‘rilmagan lahzani boshdan kechirmoqda, bu esa uni o‘z mudofaasi va xavfsizligi haqida mustaqil fikr yuritishga majbur qilmoqda”, deya ta’kidlaydi Makron.
U NATO doirasida ittifoqchi sifatida harakat qilish zarurligini ta’kidlab, "Yevropa xavfsizligi xavf ostida" ekanini qo‘shimcha qildi.
Shu bilan birga, Emmanuel Makron Yevropa Ittifoqi “o‘z geografiyasini o‘zgartirmasligini”, Rossiya esa “ertaga va undan keyin ham” qo‘shnisi bo‘lib qolishini tan oldi.
“Iqtisodiy jihatdan Yevropa davlatlari ham Xitoy va AQSH raqobati oldida yanada suveren va mustaqil bo‘lishi kerak. Bizning Yevropa o‘zini qayta kashf qilishi, to‘g‘rirog‘i kelajak avlodlar uchun yangi o‘sish paradigmasini qurishi kerak”, deydi Fransiya rahbari.
Bugun, 28 may kuni Makron Myunsterga tashrif buyuradi, u yerda unga Yevropadagi sadoqat uchun Vestfaliya tinchlik mukofoti topshirilishi rejalashtirilgan. Shundan so‘ng Berlin yaqinidagi Meseberg qal’asidagi saroyda Fransiya va Germaniya hukumatlari muzokaralar o‘tkazadi.
Eslatib o‘tamiz, Emmanuel Makron 26 may kuni Germaniyaga borgandi. Bu Fransiya Prezidentining 24 yil ichida Germaniyaga ilk davlat tashrifidir. Ilgari Fransiya rahbarlari Germaniyaga faqat amaliy tashrif bilan kelgan.
Makron tashrifining birinchi kuni Berlinda Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer bilan uchrashdi, shuningdek, Germaniya Asosiy qonuni qabul qilinganining 75 yilligiga bag‘ishlangan tantanalarda ishtirok etdi.
Ma’mura To‘rayeva