Makron va Lyayen Rossiya va Xitoydan xavotirda. Ular Pekinga bormoqchi
Olam
−
24 mart 2023
9215Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron va Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen joriy yilning aprel oyi boshida Xitoyga boradi. Bu haqda bugun, 24 mart kuni YeI sammitidan so‘ng YeI matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, rais fon der Lyayen va Prezident Makronning Pekinga tashrifi aprel oyining birinchi haftasiga rejalashtirilgan. Ular Xitoyni Rossiyaga yaqinlashayotganidan xavotir bildirgan.
Ta’kidlash joizki, joriy yilning 23-24 mart kunlari Bryusselda bo‘lib o‘tgan YeI sammitida Yevropa Ittifoqining bir qancha yetakchilari Moskva va Pekin tez yaqinlashayotganidan xavotir bildirib, Yevropa Ittifoqi institutlarini bunga qarshi choralar ko‘rishga chaqirgan.
Bundan tashqari, sammitda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish Yevropa Ittifoqi rahbarlarini Xitoyni yakkalab qo‘ymaslikka chaqirgan. U Yevropa Ittifoqini munosabatlari yomonlashganiga qaramay, Pekin bilan hamkorlik qilishga taklif qilgan. Guterrish ittifoq mamlakatlarini Xitoy Yevropaga ijobiy munosabatda ekani va shu munosabatlarni saqlab qolish niyatidaligiga ishontirishga uringan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha rahbari Jozep Borrel ham joriy yilning aprel oyi o‘rtalarida Pekinga borishi aytilgandi.
LiveBarchasi