Makron va fon der Lyayen Yevropa birligini ko‘rsata olmadi
Olam
−
07 aprel 2023
10903Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron va Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen Xitoyga safar orqali Yevropa Ittifoqi birligini namoyish qilishni maqsad qilgan edi. Biroq Pekinga tashrif buning aksini ko‘rsatdi. Bu haqda “Politico” nashri xabar berdi.
Fransiya rahbarini Xitoyda paradlar va ziyofatlar bilan qarshi olishgan bo‘lsa, Yevrokomissiya rahbari esa asosan yolg‘iz qolgan. Makronni aeroportda Xitoy Tashqi ishlar vaziri Sin Gan kutib olgan. Fransiya Prezidenti samolyotdan qizil gilamli zinapoyadan tushgan.
Fon der Lyayen esa oddiy yo‘lovchi chiqish yo‘lagi orqali chiqqan va uni Atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri Xuan Ransyu kutib olgan. Yevrokomissiya rahbarining tashrif jadvali qisqa, Makronning safar jadvali esa turli tadbirlarga to‘la bo‘lgan.
Ta’kidlanishicha, Xitoy Fransiya Prezidenti bilan muzokaralarda muvaffaqiyatga erishish uchun ko‘proq imkoniyatlarni ko‘rmoqda, bunda Yevropa Komissiyasi rahbariga “ma’lum darajada bo‘ysunuvchi rol” yuklatilgan.
“Signal aniq: Pekin uchun Bryussel muhim emas”, deyiladi maqolada.
Eslatib o‘tamiz, 5 aprel kuni Fransiya Prezidenti Emmanuyel Makron Xitoyga davlat tashrifi bilan borgan. Unga Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen hamrohlik qilgan. Kecha, 6 aprel kuni Pekinda Xitoy rahbari Si Szinpin Makron va fon der Lyayen bilan muzokaralar o‘tkazgandi. Xitoy rahbari va yevropalik siyosatchilar o‘rtasidagi muzokaralarning muhim mavzularidan biri Ukraina inqirozini hal qilish muammosi bo‘lgandi.