Makron Ozarbayjonga nisbatan bosimni kuchaytirmoqchi. Baku javob berdi

Olam

image

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron shu haftada Armaniston va Ozarbayjon rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazishga tayyorlanayotgani va (tan olinmagan) Tog‘li Qorabog‘dagi mojaroni hal qilishga ko‘maklashishini aytdi. Bu haqda u kecha, 28 avgust kuni respublika elchilarining yillik konferensiyasida so‘z ochdi.

“Bu hafta men Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan gaplashaman. Biz Lochin gumanitar yo‘lagi bo‘yicha kelishuvlarga to‘liq rioya qilishni talab qilamiz”, degan Fransiya rahbari.

Unga ko‘ra, Fransiya Ozarbayjonga bosimni kuchaytirish maqsadida xalqaro maydonda yangi diplomatik tashabbus bilan chiqadi.

Makronning bu gaplari Ozarbayjonning noroziligiga sabab bo‘ldi. Xususan, mamlakat Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Oyxon Hojizoda Fransiya Prezidentining “noxolis” bayonoti tinchlik jarayoniga putur yetkazishi, mintaqadagi mavjud vaziyatni noto‘g‘ri ko‘rsatishi va Armanistonni bir tomonlama himoya qilishini bildirdi.

Qayd etilishicha, Makronning mintaqadagi gumanitar vaziyat haqidagi iddaolari Fransiyaning noto‘g‘ri siyosatidan dalolat beradi.

“Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi, xalqaro huquq normalari va tamoyillariga muvofiq Ozarbayjon hududlarini ozod qilishga olib kelgan 44 kunlik Vatan urushini qoralash, shuningdek, Ozarbayjondagi gumanitar vaziyat haqidagi bayonotlarga alohida e’tibor qaratildi. 30 yil davomida Armaniston tomonidan Ozarbayjonga nisbatan sodir etilgan bosqinchilik va tajovuzni hech qachon qoralamagan, 1 millionga yaqin qochqinlar va ichki ko‘chirilganlarning gumanitar ahvoliga izoh bermagan Fransiyaning mintaqadagi bayonoti tushunarsizdir”, deydi matbuot kotibi.

Hojizodaga ko‘ra, Fransiya Prezidenti tomonidan qo‘llanilayotgan “Lochin gumanitar yo‘lagi” kabi iboralar, shuningdek, qabul qilib bo‘lmaydigan zo‘ravonlik haqidagi hikoyalar Ozarbayjonning hududiy yaxlitligi va suverenitetiga hurmatsizlik hisoblanadi.

Hojizoda har kuni o‘nlab armanistonliklar Lochin yo‘lidan foydalanib, chegara postidan o‘tishini eslatgan.

“Ozarbayjonning Agdam-Xonkendi yo‘li va boshqa muqobil yo‘nalishlar bo‘yicha yuklarni tashish bo‘yicha takliflari va bunga javoban Armaniston hamda o‘zini Armaniston aholisi vakillari sifatida  ko‘rsatayotgan shaxslar tomonidan ushbu masalaning siyosiylashtirilishi, shuningdek, ushbu yo‘l bo‘ylab noqonuniy harakatlanish bilan bog‘liq masalalar Fransiyaga yaxshi ma’lum. Avgust oyi boshida bu borada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga ko‘maklashish o‘rniga, Armanistonning provokatsion qadamlarini qo‘llab-quvvatlovchi fikrlar bildirilmoqda. Bu jarayonga bevosita xalaqit beruvchi omillardan biri hisoblanadi”, deydi Rasmiy Baku vakili.

So‘ngra Oyxon Hojizoda Fransiyaning Ozarbayjon hududlari Armaniston tomonidan bosib olingan davridagi pozitsiyasini so‘roq ostiga olgan.             

“Yevropa Ittifoqining Pragadagi missiyasi va 1991 yildagi Olmaota deklaratsiyasiga muvofiq bir-birlarining chegaralarini tan olish tashabbusi muallifi bo‘lganini da’vo qilayotgan Fransiya shu savolga javob berishi foydaliroq bo‘lar edi. Nega u deyarli 30 yil davomida, Ozarbayjon hududlari ishg‘ol ostida bo‘lganida, shunga o‘xshash tashabbuslar bilan chiqmadi? Ozarbayjon mintaqada tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashga qat’iy qaror qiladi va bu jarayonga to‘sqinlik qiladigan har qanday tashqi aralashuv qat’iy ravishda bostiriladi”, deydi Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 15 avgust kuni Fransiya Tashqi ishlar vaziri Ketrin Kolonna o‘zining armanistonlik mavqedoshi Ararat Mirzoyan bilan telefon orqali suhbatlashib, unga Ozarbayjon o‘zining xalqaro majburiyatlarini, xususan, Xalqaro Sudning 22 fevraldagi qarorida majburiy etib belgilangan vaqtinchalik choralarni bajarishi shart ekanini aytgandi. Shuningdek, Ketrin Kolonna armanistonlik mavqedoshini Fransiya Qorabog‘ aholisini qo‘llab-quvvatlashiga, buning uchun Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasining gumanitar tashabbuslariga qo‘shimcha 3 million yevro ajratishiga ishontirgan. 16 avgust kuni esa Baku Parijning yuqoridagi ayblovlarini asossiz deb atadi va uni mintaqadagi keskinlikni yanada oshirishga urinishda aybladi.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya Ozarbayjon Armaniston Emmanuel' Makron

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing