Ozarbayjon Rossiya elchisiga nota topshirdi

Olam

image

Rossiyaning Ozarbayjondagi elchisi Mixail Yevdokimov Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi. Bu haqda Ozarbayjon TIV xabar berdi.

Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, vazirlik Rossiya elchisi Mixail Yevdokimovni chaqirib, unga rasmiy norozilik notasi topshirgan.

Bunga sabab sifatida Davlat dumasi MDH ishlari, Yevroosiyo integratsiyasi va vatandoshlar bilan aloqalar qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Konstantin Zatulinning respublikada Armaniston fuqarolariga chiqarilgan hukmga doir bayonoti ko‘rsatilgan.

Baku Moskva tomonini mintaqada tinchlik va barqarorlikni, shuningdek Ozarbayjon va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarni izdan chiqarishga qaratilgan “buzg‘unchi faoliyat” va urinishlarni to‘xtatish uchun tegishli choralar ko‘rishga chaqirgan.

Qayd etish joiz, bir kun avval Zatulin Rossiya-Armaniston xalqaro “Lazarev klubi”ning Bakuda Tog‘li Qorabog‘ning sobiq rahbariyatiga chiqarilgan hukm yuzasidan bayonotini e’lon qilgan edi. Unda sud qarori “o‘zboshimchalik” deb baholangan. Zatulin mazkur klub kengashi koordinatori hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, 5 fevral kuni Baku harbiy sudi 2020 yildan 2023 yil avgust oyining oxirigacha Tog‘li Qorabog‘ni boshqargan sobiq prezident Araik Arutyunyanni umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilgan. U urush jinoyatlarini sodir etishda, jumladan urushni tayyorlash va olib borish, genotsid, urush qonunlari va urf-odatlarini buzish, terrorizm, terrorizmni moliyalashtirish, hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallash va saqlab turishda ayblandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ozarbayjon nota

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing