Makron Ostonaga yetib keldi
Olam
−
01 noyabr 2023
5809Bugun, 1 noyabr kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron rasmiy tashrif bilan Qozog‘iston poytaxtiga keldi. Uni aeroportda Bosh vazir Alixon Smoilov kutib oldi. Bu haqda Qozog‘iston hukumati matbuot xizmati xabar berdi.
“Qisqa suhbat chog‘ida hukumat rahbari ushbu tashrif Ostona va Parij o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada rivojlantirishga yangi sur’at bag‘ishlashiga ishonch bildirdi”, deyiladi xabarda.
Matbuot xizmatiga ko‘ra, ikki davlat rahbarlari savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va energetika sohalarida hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha muzokaralar o‘tkazadi, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi masalalarni muhokama qiladi.
Ma’lumot uchun, Prezidentlar Emmanuel Makron va Qosim-Jomart To‘qayev ikkinchi marta uchrashyapti. O‘tgan yilning 29 noyabr kuni Qozog‘iston rahbari rasmiy tashrif bilan Fransiyaga borgan edi. Yelisey saroyida tantanali marosim bo‘lib o‘tgan, shundan so‘ng davlat rahbarlari muzokaralarni boshlagan, uning davomida To‘qayev Makronni Qozog‘istonga taklif qilgan. Ertasi kuni yetakchilarning qo‘shma bayonoti e’lon qilingan.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istondan keyin Makron vazirlar va yirik korporatsiyalar rahbarlari bilan birga O‘zbekistonga keladi.
LiveBarchasi