Makron Qozog‘istonda hurmatiga mos kutib olindi (foto)

Olam

image

Bugun, 1 noyabr kuni Qozog‘istonga kelgan Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Prezident qarorgohi – Oqordada Qosim-Jomart To‘qayev tomonidan qarshilandi.  

Muzokaralar oldidan Fransiya Prezidentini kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Qosim-Jomart To‘qayev va Emmanuel Makron delegatsiyalar a’zolarini bir-birlari bilan tanishtirgan.

Faxriy qorovul rotasi rahbari ikki davlat rahbarlarini tashrif bilan qutlagan, Qozog‘iston va Fransiya davlat madhiyalari yangragan. 

Marosimdan so‘ng Prezidentlar o‘rtasida yakkama-yakka uchrashuv boshlangan. 

Qozog‘iston rahbari Fransiya Yevropa Ittifoqidagi asosiy va ishonchli hamkor ekani, shuningdek, Qozog‘iston iqtisodiyotiga eng yirik investorlardan biri ekanini qayd etgan. 

O‘z navbatida Emmanuel Makron Qozog‘iston va Fransiya munosabatlarini yuqori baholagan. 

“Janob Prezident, taklifingiz uchun katta rahmat. Bugun Ostonaga kelib, sizlar bilan uchrashganimdan juda xursandman. Ikki tomonlama hamkorligimiz uchun muhim yilga to‘g‘ri kelgan ushbu tashrifni tashkil etganingiz uchun tashakkur. Biz muhim xalqaro mavzularda oldinga siljishimiz, BMT Nizomi, hududiy yaxlitlik, milliy suverenitet kabi tamoyillarga sodiqligimizni ta’kidlashimiz mumkin. Ikki tomonlama muhim masalalarni ham muhokama qilishimiz mumkin. Biz muhim iqtisodiy sherikmiz. Bundan tashqari, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik va iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishga xizmat qiladigan muhim shartnomalarni imzolashimizni qayd etmoqchiman. Yana bir bor ta’kidlab o‘tishga ijozat bergaysiz, bugun siz bilan uchrashib, qo‘shma kun tartibimizni muhokama qilishdan juda mamnunman”, deydi Fransiya Prezidenti. 

Ikki davlat rahbarlari Qozog‘iston-Fransiya strategik sherikligining holati va rivojlanish istiqbollarini muhokama qilgan. Siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, energetika, transport-logistika va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratilgan. 

Qosim-Jomart To‘qayev va Emmanuel Makron xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashgan. 

Muzokara yakunlangach, davlat rahbarlari ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda muzokaralarni davom ettirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Emmanuel' Makron Qosim-Jomart To'qaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing