Makron Netanyaxuning g‘oyasini “yaqinlashib kelayotgan falokat” deb atadi

Olam

image

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Isroilning G‘azodagi harbiy amaliyotini kengaytirish rejasini keskin tanqid qilib, uni yaqinlashib kelayotgan “falokat” deb atadi. Prezidentning bu haqdagi so‘zlarini “Le Figaro” nashri keltirdi.

Makronning aytishicha, G‘azo shahri va Al-Mavasi lagerlarini qayta bosib olish rejasi misli ko‘rilmagan falokatni va tugamaydigan urushga intilishni anglatadi. Fransiya rahbariga ko‘ra, bunday strategiyaning birinchi qurbonlari isroillik garovdagilar va G‘azo aholisi bo‘ladi.

U sektordagi vaziyatni barqarorlashtirish uchun BMT mandati ostida xalqaro koalitsiya tuzishni taklif qilib, bu koalitsiya terrorizmga qarshi kurashish, G‘azodagi vaziyatni barqarorlashtirish, uning aholisini qo‘llab-quvvatlash hamda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashi kerakligini aytgan. 

Qolaversa, Makron urushni darhol tugatib, doimiy o‘t ochishni to‘xtatishni joriy etishga chaqirgan.

Bu Makronning Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu hukumati tomonidan G‘azo shahrini egallash va HAMASning so‘nggi tayanch nuftalarini nishonga olish rejasiga birinchi munosabati bo‘ldi. Ushbu reja butun dunyoda keskin tanqidlarga sabab bo‘ldi. Netanyaxu esa bu variantni “HAMASga qarshi urushni tugatishning eng yaxshi yo‘li” deb hisoblamoqda. 

Makron, shuningdek, Saudiya Arabistoni bilan birga Nyu-Yorkda mintaqaviy ishtirokchilar tomonidan HAMASni qurolsizlantirish va garovdagilarni ozod qilish bo‘yicha birinchi bor bir ovozdan chaqiriqqa erishganini ta’kidlagan.

Bunday missiya g‘oyasi ilk bor 30 iyul kuni BMTdagi konferensiyada ilgari surilgan edi. O‘shanda Qatar va Misrni ham o‘z ichiga olgan 17 davlat ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan. Missiya asosan tinch aholini himoya qilish, xavfsizlik bo‘yicha mas’uliyatni Falastin ma’muriyatiga o‘tkazishni qo‘llab-quvvatlash hamda Falastin va Isroil uchun xavfsizlik kafolatlarini ta’minlash, jumladan, kelajakdagi o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga nazorat o‘rnatishga qaratilgan bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

“Xavfsizlik kengashi endi ushbu missiyani tashkil etish va unga mandat berish ustida ishlashi kerak. Men jamoamga hamkorlarimiz bilan bu ishni zudlik bilan boshlashni topshirdim”, deya qo‘shimcha qilgan Fransiya rahbari. 

Eslatib o‘tamiz, kecha, 10 avgust kuni Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu G‘azo sektoriga tez orada yangi hujumni boshlanishini e’lon qilib, uni “nisbatan tez” yakunlashni rejalashtirayotganini aytgandi. Netanyaxuning bildirishicha, Isroilda “ishni tugatish” va garovga olinganlarni ozod etish uchun HAMASni yengishdan boshqa iloji yo‘q. Yangi hujum HAMASning qolgan ikki tayanch nuqtasini yo‘q qilishga qaratilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Emmanuel' Makron Isroil G'azo Bin'yamin Netan'yaxu Al-Mavasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing