Makron Isroilni G‘azo sektorini bombardimon qilishni to‘xtatishga chaqirdi

Olam

image

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Isroilning G‘azo sektoriga bergan zarbalarini qoraladi. Bu haqda u BBC’ga bergan intervyusida gapirdi.

Fransiya Prezidentiga ko‘ra, Isroilning G‘azoga zarbalari asossizdir. Uning ta’kidlashicha, Isroil mudofaa kuchlarining harakatlari qonuniy emas, chunki hujumlar oqibatida tinch aholi halok bo‘lmoqda.

“Aslida, bugun tinch aholi bombalanmoqda, bu fakt. Bolalar, ayollar, qariyalar bombardimon qilinmoqda va o‘ldirilmoqda. Demak, buning hech qanday asosi va qonuniyligi yo‘q. Shuning uchun biz Isroilni to‘xtashga chaqiramiz”, deydi Makron.

Prezidentning aniqlik kiritishicha, hozirgi vaziyatdan chiqishning yagona yo‘li insonparvarlik pauzasi va keyinchalik o‘t ochishni to‘xtatishdir. U "G‘azoni bombalash" Isroilni himoya qilishning eng yaxshi usuli ekanligiga ishonmasligini aytgan. Makronning fikricha, bu mojaroning cho‘zilishiga olib kelishi mumkin.

Shu bilan birga, Makron xalqaro huquq buzilgan yoki buzilmaganini baholash uning vazifasi emasligini qo‘shimcha qilgan. Bundan tashqari, u Isroilning o‘zini himoya qilish huquqini tan olgan va HAMASning “terrorchilik harakatlari”ni so‘zsiz qoralagan. 

Fransiyada HAMAS terrorchi tashkilot sifatida tan olingan. Makron Fransiyada  eng katta musulmon va eng katta yahudiy jamiyatlari borligini ta’kidlab, barcha din vakillarini “antisemitizmga qarshi birlashishga” chaqirgan.

Prezidentning aytishicha, fransuzlar Isroilning "dardi”  va uning terrorizmdan xalos bo‘lish istagiga sherik. Biroq nima bo‘lishidan qat’i nazar, tinch aholini bombardimon qilish noto‘g‘ri, degan u.

“Bu bizning prinsiplarimiz tufayli barchamiz uchun juda muhim, chunki biz demokratik davlatlarmiz. O‘rta va uzoq muddatli istiqbolda va Isroil xavfsizligi uchun barchaning hayoti ahamiyatli ekanini tan olish muhim”, deya qo‘shimcha qilgan Makron.

Ma’lumot uchun, shu haftada Parijda G‘azo sektoridagi gumanitar vaziyat bo‘yicha xalqaro konferensiya chaqirildi. Tadbirda Isroil va HAMAS o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatishga chaqiriqlar bo‘ldi. Biroq Isroil tadbirda ishtirok etmadi.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya Emmanuel' Makron Isroil G'azo HAMAS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made