Makron Attalning iste’fosini rad etdi
Olam
−
08 iyul
4909Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron respublika Bosh vaziri Gabriel Attalning iste’fosini qabul qilishdan bosh tortdi. Bu haqda Yelisey saroyiga tayanib, “Agence France-Presse” xabar berdi.
Qayd etilishicha, davlat rahbari Bosh vazirdan “mamlakatda barqarorlikni ta’minlash uchun vaqtincha o‘z lavozimida qolishini” so‘ragan.
Makron Attal bilan uchrashgach, Ichki ishlar vaziri Jerald Darmaninni qabul qildi, u ham saylovlardan keyin iste’foga chiqish niyatini bildirdi.
AFP’ning yozishicha, hukumat Olimpiada (26 iyul – 11 avgust) va Paralimpiya o‘yinlarini (28 avgust – 8 sentyabr) tashkil etish maqsadida kuz boshigacha o‘zining hozirgi tarkibidagi faoliyatini davom ettiradi.
Ayni paytda parlament saylovlarida g‘alaba qozongan “Yangi xalq fronti” chap qanot alyansi Bosh vazir nomzodi va hukumat dasturini muvofiqlashtirishda davom etmoqda.
“Europe 1” radiostansiyasining fikricha, yangi hukumat rahbari nomi yaqin orada e’lon qilinmaydi. Shu bilan birga, Makron Bosh vazir nomzodi bo‘yicha yakuniy qarorni Milliy assambleyaning yangi raisi saylanadigan birinchi yig‘ilishi o‘tkaziladigan 18 iyulgacha qabul qilmasligi mumkin. Avvalroq radio davlat rahbari yangi hukumat rahbarini zudlik bilan tayinlashga majbur emasligini bildirgan edi. Yelisey saroyi Prezidentga vaziyatni tahlil qilish uchun vaqt kerakligini aniq aytdi. Bundan tashqari, Fransiya rahbari ertaga, 9 iyul kuni kechqurun Vashingtonga NATO sammitida ishtirok etish uchun uchib ketishi rejalashtirilgan. U joriy ishlarga faqat 11 iyul kuni qaytishi mumkin.
Fransiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, “Yangi xalq fronti” alyansi parlamentning Milliy assambleyasi (quyi palatasi)ga navbatdan tashqari saylovlarda g‘alaba qozonib, 182 o‘ringa ega bo‘ldi. Undan keyin “Respublika uchun birga” (168) prezidentlik koalitsiyasi, “Milliy birlik” o‘ng qanot partiyasi (143) va o‘ng markazchi “Respublikachilar” partiyasi (46) bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, Gabriel Attal bugun, 8 iyulga o‘tar kechasi Prezident Emmanuel Makronga o‘z iste’fosini taqdim etishini aytgandi.
LiveBarchasi