“Makkor Armaniston”. Baku Gaaga sudiga kiritilgan sharmandali da’voga javob qildi

Olam

image

Xabaringiz bor, Armaniston Qorabog‘dagi armanlarga nisbatan irqiy kamsitishlar ayblovi bilan Ozarbayjonga qarshi Gaaga xalqaro arbitraj sudiga da’vo arizasi kiritgandi. Ozarbayjon tomoni mazkur holatga izoh berib, da’voning asossiz va bema’ni ekanini bildirdi. Bu haqda TIV matbuot kotibi Oyxan Hojizoda bayonot berdi.

“Armaniston tomonidan irqiy kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyani Ozarbayjonga nisbatan qo‘llash bo‘yicha 29 sentyabr kuni Xalqaro sudga taqdim etilgan vaqtinchalik choralarni belgilash haqidagi yana bir da’vo mutlaqo asossiz va bema’ni”, deyi Hojizoda.

Uning aytishicha, bu da’vo mazkur ish bo‘yicha Xalqaro sudning avvalgi qarorini e’tiborsiz qoldirib, ozarbayjonlarga qarshi irqiy adovat qo‘zg‘ash va targ‘ib qilishga qaratilgan.

Hojizodaning qo‘shimcha qilishicha, Armaniston Ozarbayjonning hududiy yaxlitligi va suverenitetiga tajovuz qilish harakatlaridan voz kechmayapti.

“Armaniston BMT Xavfsizlik Kengashi misolida bo‘lgani kabi Xalqaro Suddan o‘zining makkor siyosiy dasturini amalga oshirish uchun foydalanmoqda. Joriy yilning o‘zida Armaniston Xalqaro sudga uch marta murojaat qilgan. Yanvar oyida Armaniston tomonidan berilgan uchta arizadan ikkitasi rad etilgan, bittasi cheklangan shaklda qanoatlantirilgan, may oyida berilgan arizalar esa iyul oyida sudyalar tomonidan bir ovozdan rad etilgan”, deya ta’kidlaydi TIV vakili.

Uning qayd etishicha, Ozarbayjon tomoni sudga Armanistonning yangi asossiz da’volariga ishonchli javoblar bilan pozitsiyani taqdim etadi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda Armaniston BMTdan Qorabog‘dagi gumanitar vaziyat yuzasidan Xavfsizlik kengashi yig‘ilishini chaqirishni iltimos qilgandi. AQSH raislik qilgan BMT Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishi 16 avgust kuni bo‘lib o‘tdi. Biroq yig‘ilish so‘ngida hech qanday rezolyutsiya yoki qo‘shma deklaratsiya qabul qilinmadi.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon Armaniston Qorabog'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing