Makkaga ka’bapo‘sh jo‘natgan temuriy shahzoda yoxud Shohruh Mirzoning hukmronlik davri
Tahlil
−
13 avgust 2021
22549Sohibqiron Amir Temur Xitoyga yurish vaqtida qattiq shamollab, 1405 yil 18 fevral kuni O‘tror qal’asida vafot etdi. Sohibqironning kutilmaganda vafot etishi temuriy shahzodalar o‘rtasida toju-taxt uchun kurash olovini alanga oldiradi. Faqatgina 1409 yilning so‘ngida Shohruh Mirzo Movarounnahrni egallab, temuriy shahzodalar o‘rtasidagi taxt uchun kurashga chek qo‘yadi. Galdagi tarixiy maqolamizda Sohibqiron Amir Temur davlatining qayta tiklanishi hamda Shohruh Mirzoning hukmronlik davri haqida so‘z yuritamiz.
Shohruh Mirzo
Amir Temurning kenja o‘g‘li Shohruh Mirzo 1377 yil 20 avgust kuni dunyoga kelgan. Uning onasi Tag‘oy Turkon og‘o turkiy qoraxitoy urug‘idan bo‘lib, kelib chiqishi bo‘yicha o‘rtahol xonadon vakilasi edi. 1383 yilda Shohruhning onasi vafot etadi. Keyinchalik, shahzodaning tarbiyasi bilan Saroy Mulk xonim shug‘ullanadi. Shohruh Mirzoning siyosiy faoliyati 1397 yildan boshlanadi. O‘sha yili Shohruh otasi tomonidan Xuroson hokimi etib tayinlanadi.
Shohruh yoshligidan ilmga berilgan shahzoda bo‘lgan. Qolaversa, uning kelib chiqishi ona tomonidan asilzodalardan emas edi. Shu omilni ayrim tarixchilar Shohruhning taxt vorisi etib tayinlanmaganing sabablaridan biri bo‘lgan, deb ta’kidlashadi. Qolaversa, taxt vorisi Pirmuhammad garchi Temurning nevarasi bo‘lsa-da, Shohruhdan bir yosh katta bo‘lgan. Shubhasiz, yuqoridagi faktlar Shohruhni taxt vorisi bo‘lishidan uzoqlashtirgan edi.
Tarixchilar Nizomiddin Shomiy, Abdurazzoq Samarqandiy va Xondamir o‘zlarining asarlarida Shohruh Mirozni “xoqoni sayid”, “bahodir”, deya ta’riflashgan. Shohruh Mirzoga nisbatan tarixiy manbalarda “ko‘ragon” unvoni ishlatilmagan. Bu esa Shohruhni chingiziylar xonadoni bilan qarindoshlik rishtalari yo‘qligidan darak beradi. Holbuki, “ko‘ragon” unvonini olish o‘sha davr taomiliga ko‘ra katta obro‘-e’tibor hisoblangan.
Amir Temur saltanatining parchalanishi
Amir Temurning vasiyatiga sodiq qolishga qasamyod qilgan shahzodalar hali ulug‘ Amirning jasadi so‘vimasdanoq, bergan va’dalaridan yuz o‘girib, toj-u taxt uchun kurash boshlab yubordilar. Sarkardalar va saroy amaldorlari esa guruhbozlikni avjiga chiqarib, amirzodalarni qo‘lladilar. Natijada ne-ne zahmatlar ila Amir Temur tomonidan bunyod etilgan ulkan saltanat chok-chokidan so‘kilib, tanazzul tomon yuz tuta boshladi. Fosih Havofiy Amir Temurdan so‘ng, tirik qolgan uning o‘g‘il va nabiralarini sanab, jami ularning soni 36 taga yetishini ta’kidlagan.
Qobul va shimoliy Hind mulklarning hokimi bo‘lmish Pirmuhammadni ko‘pchilik taxt egasi sifatida ko‘rishni xohlamas edi. Buning ustiga u ancha uzoqda bo‘lib, Samarqandga tezlik bilan etib kelishi uchun imkon ham yo‘q edi. Amir Temur vafotidan so‘ng, Movarounnahr, Xuroson, Eron, Ozarbayjon, Iroq va boshqa yerlarda notinchlik boshlanib, g‘alayonli vaziyatlar yuzaga kela boshladi.
Ko‘plab saroy mulozimlari taxt egaligiga ko‘proq Shohruhni ma’qul ko‘rib, uning insoniy sifatlariga yuqori baho berishgan. Shohruh Mirzo taxt egasi bo‘lishidan avvalroq ham o‘zining oqillik va ilmlilik, zukkolik va taqvodorlik sifatlari bilan hurmat qozongan edi. Shuningdek, bu vaqtda Amir Temurning boshqa bir o‘g‘li Mironshoh (1366-1408) ham hayot bo‘lib, u ham asosiy taxt da’vogarlaridan biri hisoblanardi.
O‘zaro taxt talashish oqibatida valiahd Pirmuhammad 1407 yilda vafot etadi. 1408 yil 22 aprel kuni esa G‘arbiy Eron, Ozarbayjon, Iroq va Armaniston yerlarining hukmdori taxt uchun boshqa bir da’vogar Mironshoh ham jang vaqtida o‘ldiriladi. Faqatgina, Amir Temurning kenja o‘g‘li Shohruh Mirzo hayot bo‘lib, u o‘z oldiga otasi qurgan ulkan saltanatni qayta oyoqqa turg‘azishni maqsad qilgan edi.
Shohruh Mirzoning Samarqand taxtiga o‘tirishi
1409 yilning boshida Movarounnahrda siyosiy vaziyat yanada keskinlashdi. Amir Xudoydod shu vaqtda Halil Sultonni Samarqand yonidagi Sheroz qishlog‘ida mag‘lubiyatga uchratib, uning o‘zini asirlikka oladi. Bunday vaziyatda Shohruh Mirzo 1409 yil 25 aprel kuni Amudaryodan o‘tib, Samarqand tomon lashkar tortadi. Amir Xudoydod qo‘shinlarini Shohruh yuborgan harbiy qism tor-mor etib, Halil Sultonni asirlikdan ozod qiladi. Olijanob insoniylik sifatlariga ega bo‘lgan temuriy Shohruh Mirzo o‘zaro gina-qudratlarni unutib, Halil Sultonni yaxshi kutib oladi. Halil Sulton bilan Shohruh Mirzo o‘rtasida shayx Nuriddin vositachiligida o‘zaro bitim imzolanadi. Bitimga ko‘ra, Halil Sulton Movarounnahr taxtiga da’vogarlikdan voz kechadi va Ray viloyatining hokimi etib tayinlanadi. Keyinchalik, Halil Sulton 1411 yil 4 noyabr kuni xastalanib, vafot etadi. Ba’zi manbalarda tarixchilar uni zaharlab o‘ldirilgan, deya ta’kidlashadi.
Shohruh Mirzo Samarqand taxtini qo‘lga kiritgach, Movarounnahrga 15 yoshlik o‘g‘li Mirzo Ulug‘bekni noib etib belgilaydi. Shohruh o‘g‘li Ulug‘bekni hali yosh ekanligini inobatga olib, o‘g‘liga otaliq etib taniqli amir Shoxmalikni tayinlaydi. O‘sha vaqtda siyosiy boshqaruv ishlari amalda otaliqning qo‘lida bo‘lgan. Shundan so‘ng, Shohruh Mirzo Hirotga qaytib ketadi.
Shohruh Mirzo Amir Temur davlati o‘zagini saqlab qolishga muvaffaq bo‘ladi. U mamlakat boshqaruvida temuriyzoda va nufuzli amaldorlardan aksariyatini o‘zi uchun ishonchsiz, deb hisoblaydi. Ularning o‘rniga deyarli barcha viloyatlarga o‘z o‘g‘illari, nabiralari va o‘ziga yaqin tutgan qon-qarindoshlarini noib etib tayinlaydi. Jumladan, Balx va Badaxshon Ibrohim Sultonga, Sheroz Suyurg‘atmishga, Qobul va Qandahor Qaydu Mirzoga, Xurosonning bir qismi Boysunqur Mirzoga, G‘arbiy Eron hamda Ajam (Iroq)ning bir qismi Sulton Muhammadga, Fors viloyati Abdullo Mirzoga suyurg‘ol (mulk) tarzida bo‘lib beriladi. Shu yo‘l bilan Shohruh boshqaruv tizimi qulay va ixcham bo‘ladi, deb o‘ylagan edi. Lekin, keyinchalik ishonchli qondoshlar ichidan ham isyonkor noiblar chiqa boshlaydi.
Shohruh Mirzoning yuritgan diplomatik siyosati
Shohruh Mirzoning hukmronlik davrida Xitoy, Hindiston, Misr, Usmoniylar imperiyasi bilan diplomatik aloqalar mustahkamlanadi. Shohruh 1419 yilda Amir Shodixo‘ja boshchiligida 500 nafar elchilik karvonini Xitoyga jo‘natadi. Abdurazzoq Samarqandiy o‘z asarida yozishicha, 1412 yildan 1430 yilga qadar, Xitoy bilan jami besh marotaba elchilik almashinuvi bo‘lgan ekan.
Abdurazzoq Samarqandiy o‘zining “Matali s’dayin” asarida shunday yozgan:
“Shu orada Xitoy viloyatidan, u mamlakatning Chinu Mochin va boshqa yerlarning podshohi Doy-Ming xon tomonidan elchilar yetib keldi. Xoqoni Said (ya’ni Shohruh Mirzo) “shahar va bozorlarga ziynat berilsin, har bir san’at egasi o‘z hunarini to‘la zohir qilib, do‘konini bezatsin”, degan humoyin farmon berdi”.
Shuningdek, Shohruh davrida Misr va Suriyada hukmronlik qilayotgan mamluklar davlati, Old Osiyodagi Usmoniylar imperiyasi bilan ham o‘zaro do‘stona munosabatlar yo‘lga qo‘yilgan. Tarixchi Hofizi Abro‘ o‘zining “Zubdat at-tavorix” asarida Shohruhning Misr podshosiga elchi yuborib, 1444-1445 yillarda Shayx Nuriddin Murshidiy boshchiligida Makkaga Ka’ba ustiga yoping‘ich – ka’bapo‘sh jo‘natganligini qayd etgan.
Shohruh Mirzo Usmoniylar sultoni Muhammad Chalabiyga (1402-1421) maktub yo‘llaydi. Bu nomada Shohruh, agar Qora Yusufni Usmoniylar mamlakatida ko‘rgudek bo‘lsa, uni temuriylar saroyiga jo‘natib yuborishini so‘raydi. Bu maktubga javoban Usmoniylar sultoni Qora Yusufni, albatta, temuriylar saroyiga yuborishini aytadi.
O‘tmishda o‘tgan tarixchilar Shohruh Mirzoni tabiatan oliyjanob hukmdor, ilm-fanga moyil ma’rifatparvar davlat arbobi, deb tariflashgan. U hokimiyat tepasiga kelgach, Eronda ham, Turonda ham bir necha o‘n yillik davomida tinchlik va osoyishtalik hukm suradi. Uning davrida temuriylar saltanatining poytaxti Hirotga ko‘chiriladi. Hirot shahri Sharqning eng ko‘rkam va madaniy rivoj topgan shaharlaridan biriga aylanadi. Shohruh Mirzoning hukmronlik davrida Temuriylar saltanatida Uyg‘onish davri davom etib, mamlakatda san’at va fan gullab-yashnaydi.
Shohruh Mirzo inson sifatida yumshoq tabiatli bo‘lganligi tufayli xotini Gavharshod begim saltanat boshqaruviga aralashib turgan. Shu sababdan bo‘lsa kerak, Shohruh Mirzo umrining oxiriga qadar o‘z o‘rniga valiahd tayinlash masalasida bir qarorga kela olmagan.
Shohruhning keksayishi bilan toju-taxt uchun yana temuriy shahzodalar o‘rtasida zimdan kurash paydo bo‘la boshlaydi. Ulug‘bekning onasi Gavharshod begim siyosiy ishlarga faol aralashib, u asosan nevarasi Alouddavlani taxt vorisi sifatida ko‘rishni istar edi. Taxt uchun boshlangan kurash, ayniqsa, 1444 yil Shohruh Mirzo xasta bo‘lib qolganida avj oladi. Shohruhning betobligidan foydalangan Fors va Iroq noibi Sulton Muhammad bobosiga qarshi qo‘zg‘olon ko‘taradi. Shohruh Mirzo bu isyonni bostirib, ortga qaytayotganda 1447 yil 12 mart kuni Eronning shimolidagi Ray viloyatida vafot etadi.
Shohruhning o‘limi Xuroson va Movarounnahrda o‘zaro temuriy shahzodalar o‘rtasida taxt uchun kurashning boshlanishiga sabab bo‘ladi. Mamlakat yana sarosima, tahlika, beqarorlik domiga tortiladi.
Sardor Ali Nurmatov
LiveBarchasi