Makgregor xalqdan uni prezidentlikka nomzod qilib ko‘rsatishni so‘radi
Sport
−
05 Sentabr 5495 2 daqiqa
UFC yulduzi Konor Makgregor Irlandiya xalqiga murojaat qilib, uni mamlakat prezidenti lavozimiga nomzod sifatida qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. Bu haqda u kecha, 4 sentyabr kuni o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida video e’lon qildi.
“Agar mening ismimni prezidentlik saylovi byulletenida ko‘rishni istasangiz, sizni bugunoq o‘z mahalliy tuman kengashi deputatlaringizga murojaat qilib, meni nomzod sifatida ko‘rsatishni so‘rashga chaqiraman.
Bizning kengash deputatlarimiz – jamiyatimizning tayanchi. Ular odamlar uchun ko‘proq mehnat qiladi va ko‘proq natija beradi hamda mamlakatni qayta-qayta muvaffaqiyatsizlikka yo‘liqtirayotgan Oirextas (Irlandiya parlamenti) a’zolaridan ko‘ra samaraliroq ishlaydi”, deydi Makgregor.
Shuningdek, u deputatlarga ham alohida murojaat qilgan.
“Agar siz kengash deputatisiz-u, ovozingiz e’tiborsiz qolayotganini, qo‘llaringiz bog‘langanini va jamiyatingiz e’tibordan chetda qolayotganini his qilsangiz, unda sizdan mening yonimda turishingizni so‘rayman. Meni nomzod qilib ko‘rsating, men esa sizga chinakam eshitilish uchun minbar va kuch beraman. Agar siz Makgregorga ovoz bermoqchi bo‘lsangiz, hammasi hozirdan boshlanadi. Bugunoq o‘z mahalliy deputatingizga qo‘ng‘iroq qiling va o‘zgarishni talab qiling”, deydi sobiq UFC chempioni.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning bahorida Konor Makgregor Oq uyga tashrif buyurib, AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashgan edi. Shundan so‘ng, Irlandiya Bosh vaziri Mixol Martin Konor Makgregorni Oq uyda aytgan antimigratsion gaplari uchun tanqid qilgan.
Keyinroq jangchi Irlandiya prezidentligiga yaqinlashib kelayotgan saylovlarda o‘z nomzodini ilgari surish niyatida ekanini bildirgan.
Live
Barchasi