Magistratura imtihonida qatnasholmaganlar uchun test sinovi o‘tkaziladi
Jamiyat
−
20 Sentabr 2020
6820Respublika oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga o‘qishga kirish uchun ro‘yxatdan o‘tgan (ariza bergan) ammo uzrli sabablarga ko‘ra onlayn test sinovlarida ishtirok eta olmagan abituriyentlarning murojaatlariga asosan (ariza bilan murojaat qilgan hamda arizalari asosli deb topilgan) ular uchun joriy yilning 22 sentyabr kuni soat 10:00 da onlayn test sinovlari o‘tkaziladi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi xabar qildi.
Mazkur onlayn test sinovlarida ishtirok etishga ruxsat etilgan (ariza bilan murojaat qilgan hamda arizalari asosli deb topilgan) abituriyentlar 2020 yil 21 sentyabr kuni soat 10:00 dan boshlab o‘zlarining shaxsiy kabinetlaridan login va paroli orqali onlayn test sinovlarida ishtirok etish ruxsatnomasini olishlari mumkin.
Ushbu toifadagi abituriyentlardan ruxsatnomalarida belgilangan manzillarga (hudud, bino) fuqarolik pasporti hamda testda ishtirok etish ruxsatnomasi bilan 22 sentyabr kuni soat 09:30 ga qadar yetib kelishlari talab etiladi.
Belgilangan muddatdan kech kelgan abituriyentlar test sinovlariga kiritilmaydi.