MAGATE Zaporoje AESdagi tekshiruv bo‘yicha hisobotni e’lon qildi

Olam

image

Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) Ukrainaning yadroviy ob’ektlari va, xususan, Zaporoje AESidagi tekshiruv natijalarini sarhisob qildi. Bugun, 6 sentyabr kuni agentlik veb-saytida e’lon qilingan hisobotda tashkilot janglar natijasida yuzaga keladigan baxtsiz hodisalarning oldini olish uchun ZAES atrofida xavfsizlik zonasini yaratishga chaqirdi. 

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Ukrainaning qolgan uchta atom elektr stansiyalari – Rovno, Xmelnitskiy va Janubiy Ukraina AESlari normal ishlashda davom etmoqda. 

MAGATE hisobotining asosiy tezislari

Xavfsizlik zonasi

MAGATE Zaporoje AES atrofida zudlik bilan xavfsizlik zonani tashkil etishga chaqirdi. Agentlik ushbu masala bo‘yicha maslahatlashuvlarni zudlik bilan boshlashga tayyor, chunki bunday harakat harbiy harakatlar oqibatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan “yadroviy hodisa”ning oldini oladi. 

Stansiyaning normal ishlashi uchun MAGATE xavfsiz koridorlarni, shu jumladan barcha zarur narsalarni yetkazib berishni ham taklif qilmoqda. 

Xavfsizlik xavf ostida

MAGATE inspektorlari stansiyadagi jismoniy ziyonni qayd etib, ob’ektdagi yadroviy avariyaning oldini olish choralarini ko‘rishga chaqirdi. 

Agentlik atom elektr stansiyalarida yadroviy xavfsizlik tamoyillarini buzgan "qator hodisalar"ni e’lon qildi, xususan, zararning bir qismi energiya bloklari binolari yaqinida aniqlangan. MAGATE ZAES va unga tutash hududlarni o‘qqa tutishni zudlik bilan to‘xtatishni, shuningdek, elektr ta’minoti liniyalariga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan harbiy harakatlardan voz kechishni tavsiya qiladi. 

Bundan tashqari, xalqaro tashkilot Zaporoje AESiga stansiyaning sovutish tizimi va bir qator boshqa qurilmalarning ishlashi uchun zarur bo‘lgan zaxira elektr ta’minoti liniyasini tiklash zarur, deb hisoblaydi. 

Ish xavfsizligi

MAGATE mojaro ishtirokchilariga ZAES xodimlarining normal ishlashi, dam olishi va o‘qitilishini ta’minlashni, shuningdek, zavod ishchilarining xalqaro organlar bilan aloqa kanallarini ish tartibida saqlashni tavsiya qiladi. Agentlik bu borada yordam berishga tayyor. 

Stansiya ishchilari sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan baxtsiz hodisalar ssenariylarini ishlab chiqishlari kerak. 

MAGATE Rossiya kuchlari xodimlarni himoya qilish va stansiya xavfsizligini o‘z zimmasiga olganini qayd etdi.

Eslatib o‘tamiz, 30 avgust kuni MAGATE rahbari Rafael Grossi boshchiligidagi missiya Kiyevga yetib borgandi. 31 avgust kuni ertalab esa MAGATE missiyasi karvoni Kiyevdan chiqib, Energodardagi ZAES tomon yo‘l olgan. 1 sentyabr kuni ekspertlar o‘z ishini boshlagan.

Ma’lumot o‘rnida, Rossiya mart oyi boshida ZAESni egallab oldi, shundan keyin ukrainalik xodimlar stansiyada ishlashda davom etdi. 5 avgust kuni ukrain matbuoti ruslar ZAESga to‘rt marta o‘q uzgani haqida xabar berdi. So‘nggi kunlarda elektr stansiyasi muntazam ravishda o‘qqa tutilmoqda, bunda Rossiya va Ukraina bir-birini ayblamoqda. Rasmiy Moskvaga ko‘ra, Ukraina bo‘linmalari tomonidan Zaporoje atom elektr stansiyasining o‘qqa tutilishi yadroviy terrorizm akti va bu Chernobildan ham kattaroq falokatga olib kelishi mumkin.

Zaporoje Yevropadagi eng yirik atom elektr stansiyasi bo‘lib, u Ukrainadagi barcha elektr energiyasining chorak qismini ishlab chiqaradi. Qariyb 6 ming megavatt quvvatga ega ushbu inshoot oltita energiya blokidan iborat. Hozirda atom elektr stansiyasi to‘liq quvvatining 70 foizida ishlaydi.


Maqola muallifi

Teglar

MAGATE

Baholaganlar

280

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing