Mafiya bilan karantin choralari haqida maslahatlashish kerak – Braziliya sog‘liqni saqlash vaziri

Olam

image
JSST rahbari hayotiga tahdid bo‘lganini ma’lum qildi north_east

JSST rahbari hayotiga tahdid bo‘lganini ma’lum qildi

Braziliya Sog‘liqni saqlash vaziri Luis Enrike Mandetta mahalliy amaldorlarga narkobaron va mafiya to‘dalari rahbarlari bilan karantin to‘g‘risida muzokara o‘tkazishni tavsiya qildi. Bu haqda BBC agentligi xabar bermoqda.

Vazir realistik bo‘lishga va kambag‘al hududlarni kim boshqarishini unutmaslikka chaqirdi. U ushbu hudud aholisi davlatga emas, aynan mafiyaga bo‘ysunishini yoddan chiqarmaslikni ta’kidlab o‘tdi.

"Biz bu hududlar hokimiyat qo‘lida emasligini tushunishimiz kerak. U yerlarga giyohvand moddalar bilan shug‘ullanadigan to‘dalar javobgarligi hammamizga ma’lum. Ushbu hududlarda yashovchilar ham odam. Ularga ham yordam kerak" deydi Mandetta.

Ta’kidlanishicha, mart oyi oxirida ijtimoiy tarmoqlarda zich joylashgan uylar orasidan mashina haydab aholini ogohlantirayotgan qurolli odamlar videosi tarqalgan. Ushbu odamlar hududdagi aholini koronavirus sabab uydan chiqmaslik va o‘zaro muloqot qilmaslikka chaqirgan. Qoidalarni buzganlar qattiq jazolanishi haqida ogohlantirilgan.

Braziliya ommaviy axborot vositalarining tushuntirishicha, ushbu harakatlar mahalliy to‘dalarning o‘z nazorati ostida bo‘lgan hududlarda koronavirus qayd etilgandan so‘ng qat’iy tartib o‘rnatishga bo‘lgan harakatidir. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu qashshoq aholi istiqomat qiladigan hududlarga mafiya tomonidan sovun tarqatilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Braziliya Sog‘liqni saqlash vaziri Mandetta va Prezident Jair Bolsanaro o‘rtasida koronavirus sabab kelishmovchilik chiqqan. Bunga Bolsonaro koronavirusni shunchaki tahdid deb bilayotgani va ushbu kasallikni jiddiy olmayotgani sabab qilib ko‘rsatilmoqda. Ushbu mojaro sabab hozirda hukumatda bo‘linish yuz bergan.

Shunday bo‘lsa ham, Mandetta o‘z lavozimini tark etmasligini bildirgan. Joriy yilning 7 aprel kuni vazir o‘z lavozimida qolganligini va "shifokor o‘z bemorlarini tashlab ketmasligini" aytgan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Braziliyada koronavirus bilan bog‘liq 16 195 ta holat aniqlangan. Kasallanganlarning 127 nafari sog‘aygan, 822 nafari esa vafot etgan.

 

Maqola muallifi

Teglar

Braziliya Koronavirus Mafiya Karantin

Baholaganlar

216

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing