Madaniyat vazirligi Toshkentda SSSR bayrog‘i ko‘tarilgan konsertga munosabat bildirdi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Toshkentning “Xalqlar do‘stligi” maydonida o‘tkazilgan konsert dasturida sobiq SSSR bayrog‘ining ko‘tarilishi ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokama qilinmoqda. Mustabid tuzum ramzining markaziy maydonlarda ko‘tarilishi provokatsiya deb baholanmoqda.

“Xalqlar do‘stligi” maydonida o‘tkazilgan konsert bo‘yicha Madaniyat vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.

“1 may kuni “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyining old tomonida “Xor turetskogo i soprano”  jamoasi tomonidan “G‘alaba qo‘shiqlari” kuylanib, konsert dasturi namoyish etilgan edi. Endilikda ijtimoiy tarmoqlarda ushbu konsert davomida tomoshabinlar orasida kimlarningdir qizil bayroq ko‘targani holati aks etgan suratlar keng tarqalib, keskin muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Mazkur vaziyatga Madaniyat vazirligi quyidagicha munosabat bildiradi”, deya boshlangan rasmiy bayonot.

Qayd etilishicha, Mixail Turetskiy musiqa xoldingi tomonidan 2018-2019 yillar davomida 14 ta davlatda konsert dasturlari namoyishi o‘tkazilgan. 2020 yilda ham pandemiyaga qaramay Yevropaning 13 ta davlatida konsert dasturlari tashkil etilgan.

Shuningdek, joriy yilning 30 aprel kuni Dushanbe hamda 2 may kuni Bishkek shaharlarida ham xalqlar va millatlar o‘rtasidagi hamdo‘stlik, madaniy aloqalarni mustahkamlash maqsadiga yo‘naltirilgan musiqiy dasturlarni taqdim etgan.

“Madaniyat vazirligi ushbu konsert dasturining O‘zbekistonda o‘tkazilishida hamkor hisoblanib, faqat sahnadagi jarayonlarga javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan. Ya’ni ishtirokchilarning sahnada o‘zini tutishi, milliy urf-odat va an’analarga zid bo‘lmagan musiqiy dasturlar taqdim etilishini nazorat qilib, namoyishning badiiy saviyasi, yetukligiga javobgar hisoblanadi. 

Lekin bugun har birimiz milliyligimiz, tilimiz, madaniyatimiz, urf-odat va an’analarimiz targ‘iboti yo‘lida xizmat qilar ekanmiz, buni keng ommaga majburlab yoki keskin tanqid ruhida emas, balki o‘zimiz namuna ko‘rsatgan holda yetkazishimiz lozim deb bilamiz. Bunga shu yurtning har bir farzandini mas’ul deb hisoblaymiz”, deyiladi vazirlik munosabatida.

Eslatib o‘tamiz, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minxojiddin Xojimatov va “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov “Drujba”da ko‘tarilgan SSSR bayrog‘iga munosabat bildirdi. Ularning biri bu holat bilan murosa qilib bo‘lmasligini, ikkinchisi mustabid tuzum bayrog‘ining hilpirashi o‘zbek xalqi uchun haqorat ekanini ta’kidladi.


Maqola muallifi

Teglar

Madaniyat vazirligi

Baholaganlar

1307

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing