“Madam 49.3” Fransiya hukumatini tark etdi
Olam
−
09 yanvar
6683Kecha, 8 yanvar kuni kechqurun Fransiya Bosh vaziri Elizabet Born Yelisey saroyiga borib, Prezident Emmanuel Makron bilan ko‘rishdi. U saroyni sobiq hukumat rahbari sifatida tark etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Elizabet Born Emmanuel Makronga xayrlashuv sovg‘asi – hukumatdan iste’foga chiqish xatini olib borgan. Prezident esa uni chuqur minnatdorlik bilan qabul qilgan.
“El-yurt farovonligi yo‘lidagi xizmatingiz biz uchun ibrat bo‘ldi”, deb yozgan Makron X dagi sahifasida.
Yelisey saroyining aniqlik kiritishicha, Born Vazirlar mahkamasining boshqa a’zolari bilan birga yangi hukumat tuzilmaguncha o‘z faoliyatini davom ettiradi. Biroq uning o‘rnini kim egallashi hozircha noma’lum.
BFMTV telekanali Bornning eng ehtimoliy vorisi sifatida 34 yoshli Ta’lim vaziri Gabriel Attalni ko‘rmoqda. Amaldagi Mudofaa vaziri Sebastyan Lekornyu yoki Milliy Assambleyaning sobiq raisi Rishar Ferran nomzodlari ham yo‘q emas. Shuningdek, Iqtisodiyot vaziri Bruno Lyo Mer ham, so‘nggi bir yil ichida juda faol bo‘lgan Ichki ishlar vaziri Jerald Darmanin ham ambitsiyalarga ega.
Ma’lumot uchun, Elizabet Born Vazirlar mahkamasiga bir yil, yetti oy va 23 kun rahbarlik qildi. Hukumatdagi vazifasi bilan bir qatorda, u parlamentdagi faoliyati davomida Prezidentga sodiqligini isbotlab, vaqti-vaqti bilan muxolifat deputatlari bilan "qaqshatqich jang"ga kirishib ketdi.
Born xonim Fransiya konstitutsiyasining 49.3-moddasida ko‘rsatilgan maxsus vakolatlaridan foydalanib, taxminan 23 marta parlamentda qabul qilinmagan qonun loyihalarini amalga oshirgani tufayli "Madam 49.3" laqabini olgan.
U bu vakolatni mehnat qonuni, pensiya islohoti, sog‘liqni saqlash byudjeti va ko‘plab hukumat takliflari bilan bog‘liq vaziyatlarda ishlatdi. Ayniqsa uning o‘tgan yili pensiya yoshini 64 ga oshirish uchun ijro hokimiyatidan foydalanish to‘g‘risidagi qarori bir necha hafta davom etgan zo‘ravonlik namoyishlariga turtki bo‘ldi.
2024 yilning yanvariga kelib, Born xonim hokimiyatdagi eng nomaqbul siyosatchiga aylandi. “Elabe” so‘roviga ko‘ra, fransuzlarning atigi 23 foizi unga ishonadi. “Le Figaro” gazetasida chop etilgan tadqiqotga ko‘ra, fransuzlarning 66 foizi uning ketishini kutgan.
LiveBarchasi