Machado o‘z Nobelini Trampga sovg‘a qildi

Olam

image

Venesuelada muxolifat yetakchisi Mariya Korina Machado Oq uyda o‘tkazilgan qabul marosimi chog‘ida AQSH Prezidenti Donald Trampga o‘zining Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini topshirdi. Bu haqda Machado kecha, 15 yanvar kuni matbuot xodimlari bilan qilgan suhbatida aytib o‘tdi.

“Men Prezident Trampga shuni aytdimki, 200 yil avval general Lafayet Jorj Vashington tasviri tushirilgan medalni Simon Bolivarga topshirgan edi. O‘shandan buyon Bolivar u medalni qo‘lidan qo‘ymagan. Oradan 200 yil o‘tib, Bolivar xalqi Vashington merosxo‘ri bo‘lgan AQSH Prezidentiga erkinligimiz e’tirofi sifatida Nobel Tinchlik mukofotini topshirdi”, degan Machado. 

Siyosatchining fikricha, Tramp Venesueladagi siyosiy mahbuslar va barcha venesuelaliklarning erkinligiga to‘liq sodiq.

Norvegiya Nobel qo‘mitasi bayonotiga ko‘ra, mukofotni qaytarib olish yoki boshqa shaxsga rasmiy ravishda topshirish mumkin emas.

Yanvar oyi boshida Machado 2025 yilning oktyabrida Venesuelada demokratiyani ilgari surish yo‘lidagi sa’y-harakatlari uchun o‘ziga berilgan Nobel mukofotini Trampga topshirishga tayyor ekanini ma’lum qilgan edi. Siyosatchi mukofot Venesuela xalqiga tegishli ekanini aytib, AQSH bilan xavfsizlik, energetika va sarmoyalarni himoya qilish sohalarida hamkorlik qilishga tayyorligini bildirgan.

Tramp esa Machado haqida tanqidiy fikr bildirib, uni “shunchaki yoqimtoy ayol” deb atagan va unda yetakchilik qobiliyati yo‘qligini aytgan.

Ma’lumot uchun, Jilber Lafayet – fransuz harbiy qo‘mondoni va zodagon bo‘lib, AQSH Mustaqillik urushida muhim rol o‘ynagan hamda Buyuk Britaniyaga qarshi kurashda amerikalik mustamlakachilarni qo‘llab-quvvatlagan.

Simon Bolivar – Venesuelaning milliy qahramoni, Janubiy Amerikaning inqilobchisi va davlat arbobi bo‘lib, Venesuela, Kolumbiya, Ekvador, Peru va Boliviya kabi qator Lotin Amerikasi davlatlarining Ispaniya hukmronligidan mustaqillikka erishish harakatlariga boshchilik qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Venesuela Mariya Korina Machado Nobel' Tinchlik mukofoti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing