1,4 mlrd so‘mlik tender yuzasidan Ma’naviyat markaziga nisbatan ish qo‘zg‘atildi
Jamiyat
−
23 iyul
4764Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markaziga nisbatan ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar qildi.
Oldinroq ijtimoiy tarmoqlar orqali Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan boshlang‘ich qiymati 1,4 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan “qadriyatim.uz”, “tanlov.manaviyat.uz” sayti va mobil ilovasini hamda markazning rasmiy veb-portalini yaratish xizmati bo‘yicha tanlov savdolari yuzasidan tanqidiy murojaatlar qoldirilgandi.
Ushbu holatga tezkorlik bilan aniqlik kiritish maqsadida, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan tanlov savdolari bo‘yicha o‘rganish ishlari amalga oshirildi.
“O‘rganish natijalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunining 29-moddasi talablariga rioya qilinmaganligi alomatlari yuzasidan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markaziga nisbatan ish qo‘zg‘atildi va belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi. Natijasi haqida qo‘shimcha axborot taqdim etiladi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq noto‘g‘ri reklamaga yo‘l qo‘yilishi ortidan “Ipotekabank” ham jarimaga tortilgandi. Shuningdek, “Korzinka” supermarketlar tarmog‘i ham jarima to‘lashi xabar qilingandi.
LiveBarchasi