Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha Prezident qarori qabul qilindi
Jamiyat
−
04 may 2019
22882Joriy yilning 3 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Quyida ushbu qarorning to‘liq matni bilan tanishishingiz mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Mamlakatimizda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tizimli tashkil etish, bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligini oshirish, aholi, ayniqsa, yoshlarning intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirish, mafkuraviy immunitetini mustahkamlash, vatanparvarlik, xalqqa muhabbat va sadoqat tuyg‘usi bilan yashaydigan barkamol avlodni tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu bilan birga, jahonda g‘oyaviy-mafkuraviy kurashlar keskin davom etayotgan, ma’naviy tahdidlar kuchayib borayotgan hozirgi davrda yoshlar o‘rtasida milliy qadriyatlarga bepisandlik, zararli yot g‘oyalar ta’siriga berilish, jinoyatchilik va ekstremizm harakatlariga adashib qo‘shilib qolish holatlari hamon uchramoqda.
Ma’naviy-ma’rifiy ishlarning ta’sirchanligini oshirish, ma’naviyat sohasidagi ichki va tashqi tahdid hamda xavf-xatarlarga qarshi samarali kurashish, jamiyatda mafkuraviy immunitetni mustahkamlash, davlat va jamoat tashkilotlarining bu boradagi faoliyatiga yaqindan ko‘maklashish maqsadida:
1. Quyidagilar Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashi (keyingi o‘rinlarda Respublika kengashi deb yuritiladi) faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:
aholi o‘rtasida faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish, jamiyatda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan demokratik tamoyillarni qaror toptirish;
mamlakatimizda amalga oshirilayotgan siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy islohotlarning, qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka samarali yetkazish;
oila, mahalla, ta’lim muassasalari va mehnat jamoalarida ijtimoiy-ma’naviy muhitni o‘rganish va sog‘lomlashtirishga qaratilgan faoliyatda ishtirok etish,“mahalla–tuman–viloyat–respublika” prinsipi asosida hududlar kesimidagi ijtimoiy-ma’naviy muhit xaritasini shakllantirish, bu jarayonga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish;
“Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi asosida jamiyatda uzluksiz ma’naviy-ma’rifiy tarbiya va targ‘ibot-tashviqot ishlarini tashkil etishning strategik yo‘nalishlari, ta’sirchan, kreativ va innovatsion uslublarini ishlab chiqish;
tinchlik va osoyishtalikka, mamlakatimizning barqaror taraqqiyotiga, qadriyat va urf-odatlarga hamda insonparvarlik g‘oyalariga xavf soluvchi turli ichki va tashqi tahdidlarga qarshi samarali targ‘ibot ishlarini olib borish;
aholining ijtimoiy-ma’naviy hayotida bunyodkorlik g‘oyalarini kuchaytirish,diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik muhitini yanada mustahkamlash.
2. O‘zbekiston Respublikasida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini yanada oshirish, aholining intellektual salohiyati va dunyoqarashini yuksaltirishga, mafkuraviy immunitetini mustahkamlashga doir chora-tadbirlar dasturi (keyingi o‘rinlarda – Chora-tadbirlar dasturi) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar va tumanlar (shaharlar) hokimlari – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tumanlar (shaharlar) Ma’naviyat va ma’rifat kengashlari (keyingi o‘rinlarda – hududiy kengashlar) raislari o‘n kun muddatda hududiy kengashlar tarkibini qayta tasdiqlasin.
5. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
Respublika kengashining yig‘ilishi bir yilda bir marta Respublika kengashi raisi, boshqa vaqtlarda esa zaruratga qarab Respublika kengashi raisining o‘rinbosarlari tomonidan o‘tkaziladi;
hududiy kengashlarning yig‘ilishlari hududiy kengashlar raislari tomonidan har yarim yilda bir marta o‘tkaziladi;
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi (keyingi o‘rinlarda – Markaz) Respublika kengashining, uning hududiy bo‘lim va bo‘linmalari tegishli hududiy kengashlarning ishchi organlari hisoblanadi.
6. Markaz:
a) O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi bilan birgalikda uch oy muddatda quyidagilarni nazarda tutgan holda, Uzluksiz ma’naviy tarbiya konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
ma’naviy tarbiyani baholashning ilmiy asoslangan indikatorlari;
bola tarbiyasida milliy tarbiya metodlari va zamonaviy pedagogikaning ilg‘or yutuqlaridan samarali foydalanish shakllari;
ma’naviy tarbiyani shakllantirishda oila, ta’lim muassasalari, mahalla, ommaviy axborot vositalari va boshqa ijtimoiy tuzilmalar o‘rtasida samarali hamkorlikni o‘rnatish mexanizmlari;
tarbiyalanuvchilar bilan birga tarbiyachilarning ham bilimi va malakasini muntazam oshirib borishni nazarda tutuvchi uzluksiz ma’naviy tarbiya tizimi;
ma’naviy tarbiyani shakllantirishning homiladorlik davridan boshlanishi va tarbiyaning har bir bosqichdagi o‘ziga xos xususiyatlari;
ma’naviy tarbiyaning tadrijiy rivojlanish va uzluksizlik tamoyillariga asoslanishi;
b) Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi bilan birgalikda ikki oy muddatda quyidagilarni nazarda tutgan holda, Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitning holatini aniqlash va manzilli sog‘lomlashtirish metodikasi loyihasini ishlab chiqsin va Respublika kengashiga kiritsin:
hududlardagi ijtimoiy-ma’naviy muhit holatini xonadonma-xonadon yurib aniqlash, tizimli monitoring va tahlil qilishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalaridan foydalanish shakllari;
tahlil natijalarini “mahalla–tuman–viloyat–respublika” prinsipi asosida hududlar kesimidagi ijtimoiy-ma’naviy muhit xaritasida aks ettirish tartibi;
ijtimoiy, iqtisodiy va psixologik muammolarni bartaraf etishga qaratilgan maqsadli va manzilli targ‘ibot-tashviqot ishlarini amalga oshirishga doir tavsiyalar;
aholining mafkuraviy immunitetini mustahkamlashga yo‘naltirilgan innovatsion metodlarni yaratish, ilmiy-amaliy dasturlarni amaliyotga joriy etish mexanizmi;
v) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda uch oy muddatda Markazning hududiy bo‘lim va bo‘linmalari xodimlari, davlat organlari hamda boshqa tashkilotlarning ma’naviy-ma’rifiy ishlar uchun mas’ul xodimlarini Markaz huzuridagi “Ma’naviyat targ‘ibotchisi” ta’lim muassasasida tizimli ravishda o‘qitish amaliyotini joriy etsin.
7. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga:
“Madaniyat va maʻrifat” telekanalini Markaz, uning hududiy bo‘lim va bo‘linmalari faoliyatini yoritish masalalari bo‘yicha Respublika kengashining bosh axborot hamkori etib belgilash;
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, Xalqaro press-klub va boshqa ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda aholining intellektual salohiyati va dunyoqarashini yuksaltirishga, mafkuraviy immunitetini mutahkamlashga, barkamol avlodni tarbiyalashga qaratilgan maqolalar, tok-shoular, ijtimoiy roliklar, ko‘rsatuvlar, publitsistik chiqishlar va eshittirishlar tashkil qilish tavsiya etilsin.
8. Markaz, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va Jurnalistlar ijodiy uyushmasining ma’naviy-ma’rifiy ishlarni amalga oshirishdagi, yuksak ijtimoiy-ma’naviy muhitni shakllantirishdagi samarali mehnati va ibratli faoliyati uchun davlat organlari va tashkilotlar xodimlariga topshiriladigan “Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
Markaz manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda “Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishonini ta’sis etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qaror loyihasini belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9. Markaz huzurida “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati nodavlat notijorat tashkiloti shaklida ta’sis etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasiga “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati faoliyatini davlat subsidiyasi shaklida qo‘llab-quvvatlashtavsiya etilsin.
10. Belgilansinki, 2019 yil 1 iyundan yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga ko‘ra Markaz, uning hududiy bo‘lim va bo‘linmalari xodimlari lavozim maoshini aniqlashda
tarif koeffitsiyentlari 1,7 baravar ko‘paytirilgan miqdorda qo‘llaniladi.
11. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Markaz, uning hududiy bo‘lim va bo‘linmalari xodimlarining ish haqi miqdorini oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar uchun 2019 yilgi O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlari doirasida mablag‘ ajratsin.
12. Markaz O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 7 oktyabrdagi 336-son qarori bilan tasdiqlangan Rahbarlari xodimlarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish to‘g‘risida iltimosnoma kiritishi mumkin bo‘lgan davlat hokimiyati organlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlari ro‘yxatiga kiritilsin.
13. O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripovga – Chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish yuzasidan vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish hamda ularning o‘z vaqtida va samarali bajarilishi yuzasidan tizimli monitoring o‘rnatilishi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining o‘rinbosari F.Sh.Maxmudovga – Chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalarning to‘liq amalga oshirilishi, keyingi yillar uchun nazarda tutilgan chora-tadbirlar dasturlari o‘z vaqtida va sifatli ishlab chiqilishining tashkil etilishi;
vazirliklar va idoralar rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga – Chora-tadbirlar dasturida nazarda tutilgan vazifalar ijrosining to‘g‘ri tashkil etilishi hamda tadbirlarning muddatida va to‘liq bajarilishi yuzasidan javobgarlik yuklansin.
14. Markaz manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvahitov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev
Toshkent shahri,
2019 yil 3 may
LiveBarchasi