Mahmud Murodovning raqibi va jangi sanasi aniq bo‘ldi
Sport
−
22 iyul
11598O‘zbekistonlik sobiq UFC jangchisi Mahmud Murodov navbatdagi jangini 21 sentyabr kuni o‘tkazadi. Bu haqda sportchi janglar o‘tkazadigan Octagon MMA promouterlik kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.
O‘sha kuni Murodov Chexiyaning Brno shahrida tashkil etiladigan Octagon 61 turnir doirasida angliyalik sobiq UFC jangchisi Skott Askxemga qarshi jang qiladi.
36 yoshli Askxem MMA'da 20-6 rekordga ega. Janglarining 12 tasida raqiblarini nokautga uchratgan. UFC'da oxirgi marta 2017 yilda jang o‘tkazib, mag‘lubiyatga uchragan.
34 yoshli Murodov esa oxirgi marta shu yil fevral oyida UFC Fight Night 235 turnir doirasida rossiyalik Aliasxab Xizriyevga qarshi oktagonga chiqqandi. Jangda Xizriyev Murodovning ko‘ziga qo‘lini tiqib olganligi bois, jang to‘xtatilib, o‘tkazilmagan, deb qayd etilgandi.
Qayd etish joiz, Mahmud Murodov shu yil may oyida UFC'dagi janglarini bekor qilavergani bois, tashkilotdan chetlatilgandi.