Mahkumlar va pedagoglarning huquqlari kengaytiriladi

Jamiyat

image

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 23 aprelda onlayn rejimida o‘tkazilgan navbatdagi yalpi majlisida bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.

Deputatlar tomonidan “Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda muhokama qilindi.

Ushbu loyiha aholining daromad topishga qaratilgan muayyan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishiga, oilaviy tadbirkorlik bilan shug‘ullanishiga, oilaviy tadbirkorlik rivojlanishiga har tomonlama ko‘maklashish, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni takomillashtirish va tizimli tashkil etish maqsadida ishlab chiqilgan.

“Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Yuridik shaxsni tashkil etmagan holda oilaviy tadbirkorlik sub’ektlariga 3 nafargacha doimiy ishchilarni yollash imkoniyati berilmoqda. Kommunal to‘lovlar uchun to‘lov aholi uchun belgilangan tariflar bo‘yicha va shartlar asosida amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.

Kun tartibida “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga mahkumlarning huquqlarini va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun loyiha ko‘rib chiqildi.

Mahkumlarning huquqlari, erkinliklari,  va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, jazoni ijro etish tizimida shaxsni axloqan tuzatish va jamiyatga ijtimoiy moslashuvini ta’minlashda huquqiy mexanizmlarni yanada takomillashtirish maqsadida Jinoyat-ijroiya kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish zarurati yuzaga keldi.

Muhokamada mahkumlarning huquqlari, erkinliklar va qonuniy manfaatlari himoyasini kuchaytirishga, tintuv jarayonida jismoniy kuch va maxsus vositalarning asossiz ravishda qo‘llanilishini taqiqlashga oid masalalar ko‘tarildi.

Voyaga yetmagan mahkumlarning ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar bilan uchrashishga bo‘lgan huquqiga nisbatan cheklovlar bekor qilindi, uchrashuvlar va telefon so‘zlashuvlari soni oshirildi. Hujjat deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Majlisda “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Jinoyat kodeksining 1863-moddasiga ko‘ra sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, shuningdek dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish bo‘yicha javobgarlikni belgilash nazarda tutilmoqda. Retsept bo‘yicha dori vositalarini realizatsiya qilish tartibini takroran buzganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi. Shu bilan birga, tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish, shunday harakatlar ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin yoki ko‘p miqdorda sodir etilgan bo‘lsa, 100 BHMdan 300 BHMgacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini, narkotik moddalarni, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish 5 BHMdan 10 BHMgacha miqdorda jarima solinishiga sabab bo‘ladi. Kuchli ta’sir etuvchi moddalarni saqlaganlik uchun 50 BHMdan 100 BHMgacha jarima solinadi. Qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.

Deputatlar “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ko‘rib chiqdilar.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasida bolalarni tarbiyalash va ta’lim berish majburiyatlarini bajarmaganlik uchun javobgarlik nazarda tutilgan. Xususan, birinchi qismi sanksiyasida – 1 BHMdan 5 BHMgacha, ikkinchi qismi sanksiyasida 5 BHMdan 10 BHMgacha, uchinchi qismi sanksiyasida – 10 BHMdan 15 BHMgacha, to‘rtinchi qismi sanksiyasida - 15 BHMdan 25 BHMgacha miqdorda jarima solinishi belgilanmoqda.

Kodeks yangi 1975-modda bilan to‘ldirilmoqda. Unga muvofiq ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqish masalasi ma’muriy sudlar vakolatiga taalluqli bo‘ladi.

“Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun 301-modda bilan to‘ldirilmoqda. Unda pedagogik xodimlarning kasbiy sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘si davlat himoyasida ekanligini, shuningdek pedagogik xodimlarning kasbiy faoliyatiga aralashishga hamda xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilishga yo‘l qo‘yilmasligini belgilash nazarda tutilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

qonun pedagog mahkum

Baholaganlar

172

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing