Mahalliy avia va temir yo‘l qatnovi tiklanadi
Jamiyat
−
12 avgust 2020
7092Xabaringiz bor, bugun, 12 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida koronavirusga qarshi kurash masalasida yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda bemorlarni davolash tartibi va usullari yangilangani, tez tibbiy yordam xizmati kuchaytirilgani ta’kidlandi.
“Oxirgi bir oyda barcha hududlarda koronavirusni davolash o‘rinlari va nafas olishni yengillashtiradigan apparatlar sonini bir necha barobar ko‘paytirdik. Natijada, respublika bo‘yicha koronavirusdan sog‘ayish ko‘rsatkichi 59 foizdan 75 foizga oshdi. Virus yuqtirgan aholi soni 32 mingdan oshgan bo‘lsa-da, ularning 24 mingdan ziyodi sog‘aydi, 8 mingtasini davolayapmiz”, dedi davlat rahbari.
Shuningdek, har bir fuqaro sog‘lig‘i va hayoti uchun kurashni yanada kuchaytirgan holda, iqtisodiyot va ijtimoiy sohalar barqaror ishlashini ta’minlash hamda aholining yashash sharoitini yengillashtirish maqsadida, karantin talablarini bosqichma-bosqich yumshatish zarurligi, aholi shuni xohlayotgani ta’kidlandi.
“Shuni hisobga olib, birinchidan, 15 avgustdan mahalliy avia va temir yo‘l qatnovi uchun ruxsat berish kerak.
Sanatoriylar, pansionatlar, mehmonxonalar, muzeylar, bolalar oromgohlari, dala hovlini ijaraga berish, go‘zallik salonlari, sartaroshxonalar, ochiq havoda xizmat ko‘rsatadigan umumiy ovqatlanish ob’ektlari faoliyatini ham tiklash zarur”, dedi davlat rahbari.