Mahalliy hokimiyatlarga qator taqiqlar qo‘yildi

Jamiyat

image

Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni tashkil qilish tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar, shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlarining moliyaviy resurslar va ishlab chiqarish infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish to‘g‘risida”gi farmonni imzolagani haqida xabar bergan edik.

Farmon bilan quyidagilar barcha darajadagi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining tadbirkorlik sub’ektlari huquq va manfaatlarini himoya qilish sohasidagi eng muhim vazifalari etib belgilandi:

tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari ustuvorligi, tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashganlik va to‘sqinlik qilganlik uchun mansabdor shaxslarning javobgarligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari normalarining so‘zsiz bajarilishi, mulk va boshqa mulkiy huquqlar buzilishiga yo‘l qo‘yilmasligi tamoyillariga qat’iy rioya qilinishini ta’minlash;

aholini tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish, barqaror rivojlanayotgan tadbirkorlik sub’ektlari sonini yanada ko‘paytirish bo‘yicha tizimli choralar ko‘rish, shuningdek, o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan tadbirkorlar bilan ishlashni kuchaytirish;

faoliyat ko‘rsatmayotgan ishlab chiqarish maydonlari va noturarjoy ob’ektlari negizida kichik sanoat zonalarini tashkil etish, yer uchastkalarini belgilangan tartibda elektron onlayn-auksion orqali ajratishda ko‘maklashish;

tadbirkorlik sub’ektlarining moliyaviy, tovar va xom ashyo resurslari, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishi, investitsiya va ishlab chiqarish jarayonlarini tashkil etish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni o‘zlashtirishida amaliy yordam ko‘rsatish;

tadbirkorlik sub’ektlari uchun mavjud imkoniyatlar, imtiyozlar va boshqa moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida ommaviy axborot vositalarida, davlat idoralarining rasmiy veb-saytlarida muntazam ravishda yoritib borish;

O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va Adliya vazirligi bilan birgalikda konsultativ yordam va axborot jihatdan ta’minlash, tadbirkorlarning moliyaviy va huquqiy savodxonligini oshirish bo‘yicha joylarda seminar-treninglar o‘tkazish;

tadbirkorlarga biznes forumlar, ko‘rgazmalar va yarmarkalarni tashkil etish va o‘tkazishda ko‘maklashish, ularda mahalliy va xorijiy tadbirkorlik sub’ektlarining keng ishtirokini ta’minlash;

tadbirkorlarga ishonchli sheriklar va ishlab chiqarayotgan mahsulotlari uchun yangi bozorlarni topishda, eksport salohiyatini oshirishda amaliy yordam ko‘rsatish.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hokimliklariga quyidagilar taqiqlandi:

tadbirkorlik sub’ektlarini o‘zlarining asosiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, shu jumladan, homiylik va xayriya yordami ko‘rsatish ishlariga, hududlarni obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlarini olib borish, temir-tersak va makulatura yig‘ish hamda boshqa ishlarga majburiy jalb qilish;

tadbirkorlik sub’ektlarini har qanday shaklda qishloq xo‘jaligidagi mavsumiy ishlarga (ekish va yig‘ib olish ishlariga) va mehnat resurslari, pul mablag‘lari va boshqa moddiy boyliklarni yo‘naltirish bilan bog‘liq boshqa tadbirlarga jalb qilish;

tadbirkorlik sub’ektlari ishtirokida majburiy tartibda, shu jumladan, ularga nisbatan ma’muriy va boshqa choralarni qo‘llash tahdidi ostida yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarni o‘tkazish.


Maqola muallifi

Teglar

xususiy mulk hokimiyat

Baholaganlar

29

Reyting

2.7

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing