“Lukoyl” O‘zbekistonning barcha gazini tashib ketadimi?
Jamiyat
−
01 dekabr 2020
12286O‘zbekistonda ichki iste’mol bozoriga gaz yetmasligi ko‘p hollarda uning xorijga, xususan, Xitoyga eksport qilinishi bilan bog‘lanadi. Bu o‘rinda O‘zbekistonda gaz qazib olish bilan shug‘ullanuvchi Rossiyaning “Lukoyl” kompaniyasi ko‘p esga olinadi.
Energetika vaziri Alisher Sultonov “Alter Ego” loyihasiga bergan intervyusida “Lukoyl” qazib oladigan tabbiy gaz yuzasidan izoh berdi. U Rossiya kompaniyasi bilan mahsulotni taqsimlash asosida kelishuv tuzilganini ma’lum qildi.
“Biz fikrlashimizni o‘zgartirishimiz kerak. Bu gaz “Lukoyl”niki emas. Bu o‘zbek gazi. MTK nima? Mahsulotni taqsimlash to‘g‘risida kelishuv. Bu yer osti boyliklari bizniki. Investor keladi, ishlab chiqarishga sarmoya kiritadi va mahsulot bo‘linadi”, deydi vazir Sultonov.
U so‘zida davom etib, “Lukoyl bilan ikkita – Qandim va Hisor bo‘yicha shunday kelishuv borligini aytib o‘tdi. Shuningdek, bu kelishuvlarda 50 foiz ulush qat’iy ravishda O‘zbekistonga tegishli ekanini ta’kidladi.
“Bizda barcha MTKlarda kamida 50 foiz ulush davlatga tegishli. “O‘zbekneftegaz”, Energetika vazirligi va Moliya vazirligi MTK ishtirokchisi bo‘lmaydi, faqat – davlat. 50 foiz davlatniki, qolgan 50 foizda investorlar. Bir MTKda 50 foiz “Lukoyl”niki, boshqasida 40 foiz “Lukoyl”, 10 foiz “O‘zbekneftegaz”ga tegishli. Shunga ko‘ra mahsulot taqsimlanadi.
Tabiiyki, har qanday investor sarmoya kiritganda investitsiyasini qaytarib olishni o‘ylaydi. Bu normal holat. Shunday ekan, gaz “Lukoyl”niki deyish noto‘g‘ri, bu MTKning gazi, uning katta qismi o‘zbek gazi. Bu gazdan davlat juda katta soliq oladi”, deydi vazir ijtimoy tarmoqlardagi gaz borasidagi munozalarga fikr bildirib.
Avvalroq, energetika sohasi rahbarlari ishtirokidagi matbuot anjumanida Alisher Sultonov “Lukoyl” oldidagi 600 mln dollar qarzdorlik masalasiga ham to‘xtalib o‘tib, qarz davlatniki emas, “O‘zbekneftegaz”ga tegishli ekanini aytib o‘tgandi.
LiveBarchasi