Lukashenkoga koronavirus tufayli chegaralarni yopilishi yoqmayapti
Olam
−
27 mart 2020
7808Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko qo‘shni davlatlarning chegaralarni yopish haqidagi qarorlarini tanqid qildi. Bu haqda bugun, 27 mart kuni RIA Novosti nashri xabar berdi.
"Xorijdan koronavirus kelganida chegaralarni yopmasdan uni nazoratga olishimiz kerak. Men qaror qildim, hukumat kecha rasmiylashtirdi: chegaralar yopilmaydi. Nega chegaralarni yopish kerak? Ukraina, Polsha, Boltiqbo‘yi davlatlari chegarani yopdi, keyin rus birodarlarimiz ham huddi shunday qildi. Xo‘p mayli, chegaralarni yoping, lekin hayot davom etmoqda, siz uni to‘xtata olmaysiz", deydi Lukashenko.
Lukashenkoning ta’kidlashicha, Belarus xalqaro yuklarning tranzit harakati davom etishini ta’minlaydi. Prezident chegaradagi barcha o‘tish punktlari uzluksiz ishlashini ma’lum qildi.
"Shu vaqt ichida bizda yuk mashinasi haydovchilari biron-bir muammoga duch kelmadi. Hech narsani cheklamaslik darkor. Lekin kirish va chiqish joylarida nazoratni kuchaytirish zarur. Agar biron-bir favqulotda vaziyat bo‘lsa, biz darhol ushbu vaziyat bo‘yicha ish ko‘ramiz", deya qo‘shimcha qildi Lukashenko.
Uning aytishicha, zamonaviy dunyoda har doim ham chegaralarni yopish va o‘zini butunlay izolyatsiya qilish imkoni yo‘q. Uning so‘zlariga ko‘ra, buni Belarus-Rossiya chegarasidagi vaziyat ko‘rsatdi. Lukashenkoning tushuntirishicha, Rossiya tomonidan qo‘yilgan taqiqlar o‘z samarasini yo‘qotmoqda.
"Tartib bo‘lishi kerak, lekin biz bu global dunyoda butunlay yopilmasligimizni tushunishimiz kerak", deydi Prezident.
Respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan koronavirus uchun epidemiologik xavfli mamlakatlardan kelgan shaxslar uchun 14 kunlik tibbiy nazorat o‘rnatilgan. Shu bilan birga, hukumat Belarusga COVID-19 holatlari ro‘yxatga olingan barcha mamlakatlardan kelgan shaxslar mamlakatga kelgan kundan boshlab 14 kun davomida o‘zini o‘zi izolyatsiya qilishlari kerakligi to‘g‘risida qaror qabul qildi. Faqatgina xalqaro tranzit yuk tashuvchi haydovchilar bundan mustasno.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Belarus Respublikasida 94 ta koronavirus bilan bog‘liq holat qayd etilgan. Kasallanganlarning 32 nafari sog‘ayib ketgan.
LiveBarchasi