Lukashenko “yangi og‘asi” bilan uchrashadi
Olam
−
25 fevral 2023 9797 2 daqiqa
Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko joriy yilning 28 fevralidan 2 martigacha Xitoyda davlat tashrifi bilan bo‘lib, XXR rahbariyati bilan ikki tomonlama munosabatlarni va xalqaro masalalarni muhokama qiladi. Bu haqda bugun, 25 fevral kuni Belarus Prezidenti Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, tashrif doirasida savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma keng ko‘lamli loyihalarni amalga oshirish, siyosiy sohada o‘zaro hamkorlik qilish, hozirgi xalqaro vaziyatdagi eng keskin chaqiriqlarga javob berishga asosiy e’tibor qaratiladi. Prezident ma’muriyati Pekinda Lukashenko Xitoyning mansabdorlari, yetakchi korporatsiyalari rahbariyati bilan ham bir necha uchrashuvlar o‘tkazishini ma’lum qilgan.
“Davlatlar rahbarlari erishilganlarni tahlil qilib, munosabatlarda yangi bosqichga ko‘tarilish salohiyatini amalda maksimal darajada tatbiq etishni ko‘rib chiqadi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, Lukashenko Si Szinpin bilan tor va kengaytirilgan tarkibda muzokaralar olib borishi, yakunda muhim yo‘nalishlardagi hujjatlar to‘plami imzolanishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, 2022 yilning sentyabr oyida Samarqanddagi Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasidagi ikki tomonlama uchrashuvda Belarus va Xitoy rahbarlari “O‘zaro munosabatlarni yangi bosqichga – keng qamrovli strategik hamkorlik darajasiga ko‘tarish to‘g‘risida” qo‘shma deklaratsiyani qabul qilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 23 fevralida Lukashenko Xitoyning Ukrainadagi urush uchun tinchlik rejalariga butun dunyo katta e’tibor qaratishi kerakligini aytgan edi.
Alibek Beyjanov
Live
Barchasi