Lukashenko o‘zbekistonliklarga ko‘proq maosh uchun Rossiyada ishlashni tavsiya qildi (video)

Jamiyat

image

Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko Belarusga yuqori maosh topish umidida bormoqchi bo‘lgan o‘zbekistonliklarga Rossiyada ishlashni tavsiya qildi. Bu haqda u kecha, 21 iyul kuni 2026 yilgi hosil yig‘im-terimi kampaniyasiga bag‘ishlangan selektor yig‘inida gapirdi.

Uning aytishicha, Belarusga borayotgan o‘zbekistonlik ishchilar qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish uchun jalb qilinadi va ularning daromadi mehnat unumdorligiga bog‘liq bo‘ladi.

Lukashenkoning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev undan, avvalo, Belarusdan go‘sht va sut mahsulotlari yetkazib berishni ko‘paytirishni so‘ragan. Uning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda yer va suv resurslari yetarli emas, Belarusda esa bu imkoniyatlar mavjud. Shu bois, tomonlar O‘zbekistondan ishchilarni Belarus qishloq xo‘jaligiga jalb etish va ishlab chiqarilgan mahsulotlarni O‘zbekiston bozoriga yetkazib berishga kelishilgan.

“Agar sizning fuqarolaringiz biz ishlab chiqqan tizim bo‘yicha kelsa, ularni o‘z odamimizdek ishga olamiz. Ular bu yerga nafaqat pul topish va yaxshi maosh olish uchun, balki go‘sht, sut va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun keladi. Mahsulot ishlab chiqariladi, keyin uni O‘zbekiston bozoriga sotamiz. Qancha ko‘p mahsulot ishlab chiqarsa, shuncha ko‘p maosh oladi”, degan Lukashenko.

Shuningdek, u Belarusga oyiga bir necha ming dollar miqdorida maosh topish maqsadida borishni rejalashtirayotgan o‘zbekistonliklarga Rossiyada ishlashni tavsiya qilgan.

“Agar kimdir Belarusga katta pul topish uchun kelmoqchi bo‘lsa, yaxshisi Rossiyaga borsin. U yerda neft konlari va boshqa sohalarda ishlab, ancha yuqori maosh olishi mumkin”, degan Belarus Prezidenti.

Lukashenkoning aytishicha, O‘zbekistondan Belarusga ishlash uchun keladigan fuqarolar Belarusliklar bilan teng ravishda sog‘liqni saqlash va ta’lim kabi ijtimoiy xizmatlardan foydalanish huquqiga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, u mahalliy hokimiyatlar va korxonalar xorijlik ishchilarni jalb qilish yoki qilmaslik masalasini mustaqil hal qilishini, bunga hech kim majburlanmasligini qayd etgan.

Eslatib o‘tamiz, Belarusda ishchi kuchi taqchilligi kuzatilayotgani bois mamlakat Prezidenti Aleksandr Lukashenko avvalroq o‘zbek oilalarini Belarusga ko‘chib kelib, ishlash va yashashga taklif qilgandi. Shuningdek, u mamlakatga mehnat migrantlarini jalb etish tartibi hamda ularga qo‘yiladigan talablarni ham ochiqlagan edi.

Qayd etish joiz, Lukashenkoning ushbu bayonoti Belarus Respublikasiga ishlash uchun borgan bir guruh O‘zbekiston fuqarolarining daromad va mehnat sharoitlari masalasida Andijon viloyati hokimiga yo‘llagan murojaati tarmoqlarda tarqalib, muhokamalarga sabab bo‘lgani fonida yangradi. Videomurojaatda fuqarolar Belarusda ish beruvchi tomonidan taklif qilingan 500 dollarlik oylik o‘ta kamligi hamda bu sharoitda xorijda ishlashdan ko‘ra, O‘zbekistonga qaytib, mehnat qilish ma’qul ekanini aytgandi.

Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, fuqarolarning Belarusga ishga yuborilishi Andijon viloyati hokimligining pilot loyihasi hisoblanadi. Ish bo‘yicha shartlarni Andijon viloyati hokimligi e’lon qilgan va mahalliy hokimliklar orqali odamlarni yig‘gan. Belarusga ishga borgan 200 nafar odamning hammasi bitta joyda ishlamaydi va har xil ish beruvchilarga bo‘linib ketgan. Shu sababli hamma ish beruvchida oylik maosh, vakansiya, yashash va ishlash sharoitlari har xil.

Shuningdek, ushbu voqealar fonida Belarusning Vitebsk shahrida Migratsiya agentligi vakolatxonasi ochilishi belgilandi va investitsiya va tashqi savdo masalalariga befarqligi aytilib, O‘zbekistonning Belarusdagi elchisi Rahmatulla Nazarov lavozimidan ozod etildi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing