Lukashenko Si Szinpin bilan uchrashdi
Olam
−
01 mart 2023
5267Bugun, 1 mart kuni Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko Xitoyga qilgan davlat tashrifi doirasida Si Szinpin bilan uchrashdi. Bu haqda “BelTA” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, Pekinda Lukashenkoni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tgan. Davlat rahbarlari ko‘rishib, protokol bo‘yicha suratga tushgach, rasmiy delegatsiyalar a’zolari bir-birlari bilan tanishgan. Marosimda madhiyalar ijro etilgan va faxriy qorovul saf tortgan. Tantanali yig‘ilish yakunlangach, rahbarlar delegatsiyalar a’zolari ishtirokida rasmiy muzokaralarga o‘tgan.
Muzokaralar davomida Belarus tarafi Xitoyga qo‘shma korxonalar yaratish va hamkorlikni rivojlantirishni taklif qilgan.
“Biz Xitoy bilan texnologik rivojlanish bo‘yicha hamkorlikni chuqurlashtirishdan, jumladan, qo‘shma korxonalar yaratishdan, zamonaviy Xitoy texnologiyalarini joriy etgan holda Belarus korxonalarini modernizatsiya qilishdan, tovar va xizmatlarni uchinchi mamlakatlar bozorlariga olib chiqishdan nihoyatda manfaatdormiz”, degan Lukashenko.
Shuningdek, u ikki tomonlama loyihalar salohiyati juda katta ekanini ta’kidlab, Belarus ishlab chiqaruvchilar Xitoy kompaniyalarining butlovchi qismlar bazasini shakllantirish, dvigatellar, transmissiyalar, o‘qlar va boshqa agregatlar ishlab chiqarish bo‘yicha kompetensiyalari va texnologiyalarini o‘rganishdan manfaatdor ekanini qayd etgan. Lukashenko Belarusda ham, Xitoyda ham qishloq xo‘jaligi texnikalari uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarish, mashinasozlik va elektr transporti sohasida qo‘shma korxonalar tashkil etishni taklif qilib, ushbu hamkorlik mahsulotlarning raqobatbardoshliligini oshirishga yordam berishini aytgan.
O‘z navbatida, Si Szinpin ham ikki davlat orasidagi munosabatlarning bugungi holati yangi mazmun bilan to‘ldirilishi kerakligini aytgan. Uning ta’kidlashicha, Xitoy xalqaro vaziyatdagi beqarorlik va notinchlik sharoitida Belarus bilan o‘zaro siyosiy ishonchni mustahkamlashga qaror qilgan.
“Xalqaro vaziyatning beqarorligi va notinchligi sharoitida Xitoy ikki tomonlama munosabatlarni dinamik, sog‘lom va barqaror rivojlantirish manfaatlari yo‘lida o‘zaro siyosiy ishonch va amaliy hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha Belarus bilan birgalikdagi sa’y-harakatlarni faol davom ettirish tarafdori”, degan Si Szinpin.
LiveBarchasi