Lukashenko saylovlarni soxtalashtirganini “qat’iyan” rad etdi

Olam

image

Belarus rezidenti Aleksandr Lukashenko saylovlarni soxtalashtirish va mamlakatda hokimiyatni egallab olish haqidagi ayblovlarga qat’iyan qo‘shilmasligini bildirdi. Bu haqda u RT telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.

“Saylovlarni soxtalashtirganim va hokimiyatni egallab olganim haqidagi iddaolarga qat’iyan qo‘shilmayman. Hozirgi ijtimoiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, odamlarning menga bo‘lgan ishonchi hatto oxirgi saylovlardan keyin ham sezilarli darajada oshgan. Buni hech kim, na bizning “qochoqlar”, na amerikaliklar va na yevropaliklar shubha ostiga olmayapti.

Agar 85 yoki 87 foiz ichida bir yarim-ikki yoki yarim foizlik qandaydir xatolik bo‘lgan bo‘lsa, men bu haqda bilmayman ham. Ammo saylovlarni aniq odamlar o‘tkazadi. Men shunday o‘ylaymanki, balki kimdir qayerdadir yarim foizga “hiyla” ishlatgandir. Mayli, 87 emas, 85 emas, 84 foiz bo‘lsin – bu nimani o‘zgartiradi? Agar saylovlar haqida gapiradigan bo‘lsak, men uchun bu muhim, chunki foizlar ortida aniq odamlar turibdi”, deydi Lukashenko.

Lukashenkoning fikricha, amerikaliklar u bilan muzokaraga kirishganining sababi – ular real manzarani, mamlakatni aslida kim boshqarayotganini va “qochoq muxolifat”ning roli qanday ekanini biladi.

“Ha, siz ularning kuchga to‘lishini, Belarusga qaytib hokimiyatni egallashini istaysiz. Ammo bu juda shafqatsiz va o‘ta manmanlik bilan qilingan xohish. Bunday bo‘lmaydi. Ular buni tushunishadi. Shuning uchun ular bu yerda haqiqiy kuchga ega bo‘lgan hokimiyat bilan real gaplashishmoqda”, deya qo‘shimcha qilgan u.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yil 26 yanvarda Belarusda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tdi. Ovoz berishdan so‘ng Lukashenko yangi muddatga o‘z nomzodini qo‘yishni istamaganini, biroq parlament yuqori palatasi raisi Natalya Kochanova uni nomzodini qo‘yishga ko‘ndirganini aytgan edi.  Keyinchalik Yevropa Ittifoqi Belarusdagi saylovlarni erkin va demokratik deb hisoblamasligini ma’lum qildi. Shuningdek, 2020 yildagi avvalgi saylovlarda natijalar e’lon qilingach, Belarusda bir necha oy davom etgan ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

saylov Belarus' Aleksandr Lukashenko

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing